O‘zbekistonda sun’iy intellektga asoslangan tibbiy markaz ochiladi

E’lon qilingan sana· 259
O‘zbekistonda sun’iy intellektga asoslangan tibbiy markaz ochiladi

Mo‘g‘uliston prezidentining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida mamlakatning “Tavan Vogd Holdings LLC.” kompaniyasi va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, memorandumdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda Yaponiyaning “Fujifilm Group” kompaniyasining sunʼiy intellektga asoslangan NURA tibbiy profilaktika skrining markazini ochish va bu orqali fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash hisoblanadi.

Hujjatga asosan “Tavan Vogd Holdings LLC.” kompaniyasi O‘zbekistonda dastlabki bosqichda 10 million dollar miqdoridagi o‘z sarmoyasi hisobiga NURA tibbiy profilaktika skrining markazini tashkil etadi va ishga tushiradi. Bunda 160 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi esa o‘z navbatida, NURA tibbiy profilaktika skrining markaziga O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligiga muvofiq belgilangan tartibda mamlakatda tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda faoliyat yuritish uchun olib kiriladigan tibbiy texnikani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun litsenziya olishda ko‘maklashadi.

Maʼlumot uchun, Fujifilm Corporation korporatsiyasi Yaponiyadagi bosh kompaniya bo‘lib, o‘z faoliyatini Mo‘g‘ulistonda NURA brendi ostida sunʼiy intellektga hamda saraton va turmush tarzi bilan bog‘liq kasalliklarning profilaktik tibbiy skriningiga ixtisoslashgan tibbiy skrining markazlari orqali olib boradi.