Samarqandda aylanish mumkin boʻlgan 7 ta joy

E’lon qilingan sana· 912
Samarqandda aylanish mumkin boʻlgan 7 ta joy

Manzillar, ish vaqti va tashrif narxi 2024.

Registon maydoni

Samarqandning tashrif qog‘oziga aylangan Registon maydoni necha yildirki, nafaqat mahalliy, balki chet ellik sayyohlarning ham betakror me’moriy jozibasi bilan o‘ziga jalb etib kelmoqda. Mazkur maydonga “yer yuzining sayqali”, “dunyodagi eng ulug‘vor maydon” singari turli ta’riflarning berilishi ham bejiz emas. Registon maydonida uchta: Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari qad ko‘targan. 2001-yilda YUNESKO butundunyo merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand durdonasi har yili millionlab mehmonlarga xizmat ko‘rsatadi. Mavsum paytida kuniga 20 mingta odam tashrif buyuradi.

Chipta narxi: 17 yoshgacha bo‘lganlar uchun 5 ming so‘m, katta yoshdagilar uchun 10 ming so‘m, xorijliklarga esa 65 ming so‘m.

Ish vaqti: 20-fevraldan 20-noyabrga qadar soat 07:00 dan 24:00 gacha dam olish kunlarisiz ishlaydi. Qish mavsumida esa soat 08:00 dan 20:00 gacha faoliyat yuritadi.


“Sharq yulduzi” kinoteatri

O‘zbekiston Kinematografiya agentligiga qarashli “Sharq yulduzi” kinoteatri ham Samarqand shahrida joylashgan. 1907-yilda qurilib, faoliyatini boshlagan mazkur ibratxonada 3 ta tomosha zali mavjud, shundan kichik zal — “Retro zali” sifatida foydalaniladi. Hozirda kinoteatrda “Bahodir Yalangto‘sh” filmi ikki seansda namoyish etilmoqda.

Chipta narxi: 25 ming so‘m, kino xajmiga qarab narx ham oshib boradi.

Ish vaqti: dam olish kunlarisiz soat 10:00 dan 19:00 gacha xizmat ko‘rsatadi.

Manzili: Samarqand shahri, Navoiy ko‘chasi — 40.


Mirzo Ulug‘bek muzeyi-majmuasi

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondi rahbariyatining Afisha.uzga ma’lum qilishicha, viloyatda jami 14 ta muzey mavjud. Shundan, 9 tasi Samarqand shahrida joylashgan bo‘lib, 2 tasi uy-muzeyi hisoblanadi. 14 ta muzeyning har biridan yil davomida sayyohlar qadami arimaydi, kelib-ketadiganlar ko‘p. Ayniqsa, Mirzo Ulug‘bek muzeyi-majmuasining dong‘i chet ellik turistlargacha yetgan. Ushbu madaniyat maskaniga yiliga bir million atrofida odam keladi.

Temuriylarning mashhur vakili, hukmdor, matematik va astronom Mirzo Ulug‘bek nomi bilan ataluvchi muzey 1964-yilda qurilgan. 2010-yilda tubdan yangi qiyofaga kirgan ushbu majmuadan 93 ta eksponat o‘rin olgan. U yerda Amir Temur davlatchiligiga oid xarita, Yevropa davlatlarining qirollari tomonidan yozilgan xat nusxalarini uchratish mumkin. Shuningdek, o‘z davrining buyuk astronomi Mirzo Ulug‘bekning tug‘ilishiga oid miniatyura nusxasi, Ulug‘bek davri fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ olimlar Jaloliddin Rumiy, Ali Qushchi portretlari va o‘sha davrda zarb qilingan tangalar ham sayyohlar e’tiboridan chetda qolmasligi shubhasiz. Bundan tashqari, muzeyda yana ko‘plab eksponatlar mavjud.

Chipta narxi: mahalliy sayyohlar uchun 10 ming so‘m, chet ellik turistlarga esa 40 ming so‘m.

Ish tartibi: dam olish kunlarisiz soat 08:00 dan 20:00 gacha, mavsumda esa kechki soat 22:00 gacha ishlaydi.

Manzili: Samarqand shahri, Cho‘ponota massivi, Toshkent yo‘li ko‘chasi.


Samarqand viloyati musiqali drama teatri

1964-yilda bunyod etilgan ushbu teatr binosi 2023-yilda qayta rekonstruksiya qilindi. Teatrning katta tomosha zali 586 o‘rinli bo‘lib, bu yerda yiliga 150 dan ziyod spektakl qo‘yiladi. “Bahodir Yalangto‘sh”, “Layli va Majnun”, “Ko‘chki” kabi sahna asarlari tomoshabinlar orasida ancha mashhur bo‘lgan. Teatrga bir yilda 60 mingga yaqin tomoshabin tashrif buyuradi.

Chipta narxi: 14 ming so‘mdan 40 ming so‘mgacha. Maktab o‘quvchilari, nogironligi bor shaxslar, yolg‘iz keksalar va kam ta’minlangan oila farzandlariga imtiyozlar mavjud.

Ish tartibi: soat 09:00 dan 18:00 gacha, yakshanba dam olish kuni.

Manzili: Samarqand shahri, Ko‘ksaroy maydoni, 3-uy.


Hazrati Xizr masjidi

Samarqanddagi ilk musulmon masjidi va me’moriy obida sifatida e’tirof etiladigan Hazrati Xizr majmuasi ham sayyohlar ko‘p keluvchi ziyoratgoh hisoblanadi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, ushbu me’moriy yodgorlik afsonaviy o‘lmas taqvodor inson Hazrati Xizr (Qusam ibn Abbos) nomi bilan bog‘liq. Bino Shohi Zinda majmuasi qarshisidagi tepalikda joylashgan qadimiy masjid poydevori ustiga qurilgan.

Mustaqillik yillarida Hazrati Xizr masjidi O‘zbekiston rahbariyati boshchiligida bir necha marta mukammal ta’mirlandi. 2016-yili mamlakatning Birinchi prezidenti Islom Karimov ushbu maqbara hududiga dafn etildi. 2018-yilda esa o‘sha yerda Islom Karimov maqbarasi ochildi. Qurilish jarayonida Hazrati Xizr masjidi ham restavratsiya qilinib, minora keramika toshlari bilan bezatildi. Majmuaga olib boruvchi yo‘laklarga granit tosh terildi. Belgiyadan keltirilgan kashtan (qoraqayin), talpa, shuningdek, Qrim qarag‘ayi, mojjevelnik (qora archa), butasimon daraxtlar ekildi, yashil maysazorlar tashkil etildi.

Ish tartibi: har kuni soat 08:00 dan 20:00 gacha, ziyorat qilish bepul.


Islom Karimov tug‘ilib, voyaga yetgan xonadon

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov dunyoga kelib, voyaga yetgan xonadon ham allaqachon sayyohlar tashrif buyuruvchi manzilga aylangan.

Bu uyda Islom Karimovning bolalik va o‘smirlik yillari o‘tgan. Ushbu xonadon 2017-yilning mart oyidan uy-muzeyga aylantirilgan. O‘zbekistonning turli burchaklaridan odamlar kelib, Qur’on tilovat va ziyorat qilib ketadi. Kuniga o‘rtacha 200−300 kishi tashrif buyuradi. Bahor va yoz oylarida ular soni bundan ham ko‘p bo‘ladi.

Bundan tashqari, mazkur manzilga Islom Karimovning qarindoshlari, jiyanlari, nabiralari va turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimova tez-tez kelib turadi.

Ish tartibi: har kuni 10:00 dan 17:00 gacha, ziyorat qilish bepul.

Manzili: Samarqand shahri, Bibixonim ko‘chasi, 124-uy. Registon maydonining orqa tarafida joylashgan.


Family Park majmuasi

Xalqaro darajada qurilgan ushbu ko‘ngilochar majmuada qulay xarid qilish va dam olish uchun barcha sharoitlar mavjud: kinoteatr, konkida uchish maydoni, fud-kort, kitob do‘koni, bouling va boshqalar.

Umumiy maydoni 43 ming kvadrat metr bo‘lgan zamonaviy markazda shahar aholisi va mehmonlariga qiziqarli hamda maroqli hordiq chiqarishlari uchun qator imkoniyatlar yaratilgan.

Kuniga minglab odam tashrif buyuruvchi markaz ayniqsa, o‘zining muz maydoni, oilaviy kinoteatri (kinoteatrdagi seanslar jadvalini Afisha.uz saytida topishingiz mumkin) va bouling xizmatlari bilan aholi orasida ancha ommalashgan. Ko‘ngilochar majmuada keng yer osti avtoturargohi ham mavjud.

Ish tartibi: har kuni soat 09:00 dan 23:00 gacha

Manzili: Samarqand shahri, Narpay ko‘chasi.


Agar ovqatlanishni xohlasangiz, deyarli har bir diqqatga sazovor joy yaqinida an’anaviy Samarqand taomlari kafesi mavjud. Aytgancha, keyingi maqolada Samarqandning eng mazali taomlari taqdim etiladigan joylar haqida gaplashamiz.

Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi koʻmagida tayyorlandi.

Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ