Toshkentda Amerika texnologiyalar universiteti ochiladi
Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari, oliy ta’lim tizimida sifatni oshirish va xalqaro o‘quv dasturlarini tatbiq etishga oid hisobot bilan tanishdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbari oliy ta’lim muassasalariga umumiy davlat buyurtmasini tasdiqlash, bunda mamlakatimiz rivoji va mehnat bozori talablariga e’tibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Oʻzbekistonda muhandis kadrlarga talab yuqori. 20-iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bu sohadagi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish vazifasi qo‘yilgan edi.
Shavkat Mirziyoyev tarmoq, korxona va oliy ta’lim muassasasi uzviyligini mustahkamlash, o‘z sohasida ilg‘or, raqobatdosh mutaxassislar tayyorlash zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil sentyabr oyida AQSHga tashrifi chog‘ida ta’lim sohasi bo‘yicha ham kelishuvlarga erishilgan edi. Shunga muvofiq, Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universiteti ochilishi kutilmoqda.
Uning faoliyati 2024/25-o‘quv yilidan boshlanadi. Universitetda muhandislik, arxitektura va dizayn, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari uchun kadrlar tayyorlanadi. Bitiruvchilarga Arizona davlat universiteti yoki AQSHda tan olinadigan hamkor xorijiy universitetning diplomi beriladi.
Bu boradagi tashkiliy chora-tadbirlar va kelgusi maqsadlar belgilab olindi, deyiladi xabarda.