Toshkent aeroportida uchib ketuvchilar kutish hududi kengaytirildi
Toshkent xalqaro aeroporti uchish zalining “steril” hududi yana 2000 kvadrat metrga kengaytirildi. Yangi maydon kutish zalining chap tomonida, “Art bazar” savdo nuqtalaridan keyin ochildi, deya xabar bermoqda “Uzbekistan Airports” axborot xizmati.
Loyihaga koʻra, ushbu zalda o‘rindiqlar bilan jihozlangan keng kutish hududi hamda “fud-kort” tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda E-auksion.uz platformasidagi savdolar natijalariga ko‘ra ikkita kompaniya bilan shartnomalar tuzilgan , ulardan biri aeroportda “The Border by Teriyaki” restoranini, ikkinchisi o‘z hududida to‘rtta brendni: “Hardee's”, “Pizza Hut”, “La Croissanterie”, “Pinkberry"larni birlashtiradi.
Ta’kidlanishicha, tez orada restoranlarning qurilishi boshlanadi. Hozircha “fud-kort” uchun moʻljallangan joylar tez orada ish boshlaydigan brendlarning logotiplari tushirilgan bannerlar ortida yashiringan. Hozirda yangi zalda mashhur “Caffelito” tarmog‘ining qahva burchagi joylashgan bo‘lib, u yerda yo‘lovchilar uchun issiq va sovuq ichimliklar, shirinliklar va pishiriqlar mavjud.
Qoʻshimcha zalning qurilishi umumiy joʻnash zalini B5-B6-B7 chiqish yoʻlaklari bilan ulash imkonini berishi qayd etilgan. Bundan tashqari, kelajakda kelayotgan va ketayotgan yo‘lovchilar oqimini ajratib turuvchi alohida galereya va pastki zaldan bortga chiqish yoʻlaklarini ochish mumkin bo‘ladi.