Alisher Navoiy markazi loyihasi taqdim etildi

“Zaha Hadid Architects” arxitektura byurosi Yangi Toshkent uchun madaniyat markazining tasvirlarini e’lon qildi. Majmuada Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazi joylashishi kutilmoqda.
Ma’lumotga koʻra, adabiyot muzeyida 3,5 mingta noyob qo‘lyozma va kitob namunalari saqlanadi.
Bundan tashqari, muzeyda restavratsiya ustaxonalari va 13 ta ko‘rgazma zali bo‘ladi. Majmuada o‘zbek tili, adabiyoti va musiqa maktabi ham faoliyat ko‘rsatadi.
Ta’kidlanishicha, markaz loyihasini ishlab chiqishda me’morlar O‘zbekiston me’morchiligi tarixiga tayanishgan.
Mahallaning peshtoqlari va ichki devorlari an’anaviy o‘zbek me’morchiligiga xos mahalliy g‘ishtdan quriladi. Shamollatish va tabiiy yoritish uchun hududiy dizaynga asoslangan ichki hovlilar yaratiladi.
Bino elektr energiyasini minimal darajada iste’mol qilish uchun passiv sovutish tizimiga ega bo‘ladi: ravoqlar shamolni ushlab qoladi va salqin havoni bino bo‘ylab tarqatadi.