O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari 3D formatda tasvirlandi
Mashhur navigatsiya ilovasida O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylarining 3D formatdagi ko‘rinishi paydo boʻldi.
Endi foydalanuvchilar Toshkent, Buxoro, Samarqand va Xiva shaharlaridagi diqqatga sazovor joylarining uch o‘lchamli rangli modellarini tomosha qilishi mumkin boʻladi. Binolar va madaniy yodgorliklarning hajmli maketlari xarita bo‘yicha yaxshiroq mo‘ljal olish va turli rakurslardan qarab, diqqatga sazovor joylar bilan yaqindan tanishishga yordam beradi.
Toshkentning 3D xaritasiga Hazrati Imom ansambli, Ko‘kaldosh madrasasi va Chorsu bozori, Buxoroda Poy Kalon va Labi hovuz me’moriy ansambllari, Samarqandda Registon maydoni va Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Xivada esa Kaltaminor minorasi chizilgan. Qayd etilishicha, O‘zbekistondagi 27 ta obyektning 3D modelini chizish uchun 350 soatdan ortiq vaqt sarflangan.
Barcha modellarda arxitektura xususiyatlari, yozuvlar, ranglar, soyalar ko‘rinadi va tekstura aniqlanadi. Tungi mavzu kiritilganda, ilovada, xuddi haqiqiy shaharda qorongʻu tushgandagidek, yorug‘lik paydo bo‘ladi. Shunday qilib, endi sayohatni rejalashtirish vaqtida barcha diqqatga sazovor joylar bo‘ylab oldindan virtual sayr qilish, fotosuratlar uchun rakurslar topish va sayr qilish uchun yo‘nalishlarni tuzish mumkin.
Yandex Maps ilovasida 3D modelni ko‘rish uchun qidiruvga joy nomini kiritish yoki xaritada obyektni topish va uni yaqinlashtirish kifoya. Uch o‘lchamli modelni chetdan ko‘rish uchun ekranda ikki barmoq bilan yuqoriga parallel harakat qilish mumkin.