Shota Rustavelidagi gastronomik ko‘cha loyihasi e’lon qilindi
“Design Factory” kompaniyasi Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli ko‘chasida gastronomik ko‘cha yaratish loyihasini e’lon qildi. “Spot.uz” nashrining xabar berishicha, ko‘cha ikki bosqichda rekonstruksiya qilinadi — birinchi obodonlashtirish ishlari Pushkin haykali yonidagi bog‘da amalga oshiriladi.
Shota Rustavelidagi yangi gastronomik koʻcha ochilishi 2025-yilning aprel-iyun oylariga moʻljallangan.
Koʻchaning uzunligi Pushkin haykali yonidagi yangi bog‘dan “Grand Mir” mehmonxonasigacha 1,8 kilometrni tashkil qiladi. Bu yerda 154 ta tijorat obyekti — ikkita mehmonxona, 19 ta kafe va restoran, 85 ta do‘kon hamda 32 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi bo‘ladi.
Gastronomik turizm koʻchasi boʻylab quyidagilar rejalashtirilgan:
- piyodalar yo‘laklariga 1,6 kilometr uzunlikdagi velosiped yo‘laklarini o‘rnatish;
- 40 ta yangi skameyka oʻrnatish;
- nogironlar uchun 10 ta pandus yaratish;
- 1,5 kilometr uzunlikdagi hududda obodonlashtirish ishlarini olib borish;
- oltita avtobus bekatini rekonstruksiya qilish;
- tadbirlar uchun sahna yaratish;
- koʻcha musiqachilariga Shota Rustaveli haykali yonida chiqishlarga ruxsat berish;
- yoʻlning har ikki tomonida yoʻl chetida avtomobillar uchun toʻxtash joylarini ajratish.
“Biz madaniy meros binolarining jabhasini rekonstruksiya qilamiz, bu biroz vaqt talab qilishi mumkin, chunki buning uchun ruxsat olishimiz kerak. Qolaversa, piyodalar yo‘laklarini ham bir xil kenglikda qilamiz, endi ular qayerdadir kengroq, qayerdadir torroq”, — dedi Yakkasaroy tumani hokimi o‘rinbosari Nurbek Shamsiev Spot.uz muxbiri bilan suhbatda.