"Osh boʻlsin": oʻzbekona "turistik osh markazi" – "Beshqozon" haqida

E’lon qilingan sana· 1 568
"Osh boʻlsin": oʻzbekona "turistik osh markazi" – "Beshqozon" haqida

Osh — kayfiyatni koʻtaradigan, odamlarni birlashtiradigan muhabbat taomi. Oxirgi paytlarda ta’bga qarab, bu taomning ham har xil turlarini iste’mol qilish urfga aylangan. Toshkentdagi osh markazlarini sanar ekanmiz, ikki qoʻlimizdagi barmoqlar yetmay qolishi aniq. Qaysi vaqtda borishingizdan qat’i nazar ularning barchasi odamlar bilan gavjum.

Afisha.uz yangi “Osh boʻlsin” rukni doirasida poytaxtda mashhur boʻlgan osh tayyorlanadigan markazlarga borib, ular haqida yozishga qaror qildi. Muharrirlarning birinchi manzili “Beshqozon” boʻldi. Quyida ushbu osh markazi haqida soʻz boradi.

“Beshqozon” nafaqat Oʻzbekistonda balki Markaziy Osiyo davlatlarida ham mashhur boʻlgan osh markazi hisoblanadi. “Beshqozon” Toshkent ramzlaridan biri boʻlgan Teleminoraning yonida joylashgani bilan ham ajralib turadi. Bundan tashqari, restoranning Yangi Sergeli, Solih Umarov va Glinka koʻchalarida ham filiallari ochilgan.

Ushbu osh markazi hozirda Toshkent aholisi va chet-eldan keladigan mehmonlar orasida ancha mashhur hisoblanadi. Buni Afisha.uz tayyorlagan quyidagi soʻrovnomadan ham sezish mumkin.

“Beshqozon” restorani ancha katta joy boʻlib, bu yerda yozgi terassa ham, ochiq joydagi stol-stullar ham mavjud. Interyer ajoyib, devorlarga osilgan milliy motivlardagi asarlar ham koʻngilga xush yoqadi. Restoranga kiraverishda har xil davlatdan kelgan, mehmonlarni uchratish mumkin. Jumladan, klassik kiyimda nemis tilida soʻzlashayotgan erkaklar jamoasidan tortib, qozoq milliy kiyimidagi turistlargacha guvohi boʻldik.

Endi esa restorandagi servisga toʻxtaladigan boʻlsak, eng hayron qoldirgan narsa menyuning mavjud emasligi boʻldi. Stol ustidagi QR-kodlar orqali ham menyuga kirishning imkoni boʻlmadi. “Menyu bormi?”, degan savolimizga ofitsiant qisqa qilib, “Yoʻq”, deya javob berdi.

Biz “Beshqozon"da bor boʻlgan barcha turdagi oshlarni tatib koʻrish maqsadida uch xil, xususan, toʻy oshi, choyxona palov hamda zigʻir oshini buyurtma qildik. Bundan tashqari, uch xil salat, choy va gazli ichimlik ham aytdik. Ofitsiantlar salatlarning ikkitasini olib keldi, gaz uchun stakanlar esa bizgacha yetib kelmadi.

Zigʻir oshi tezda, 5−6 daqiqada keltirildi. Agar siz haqiqiy “SamOsh” yemoqchi boʻlsangiz, toʻgʻrisini aytganda, “Beshqozon” unchalik ham yaxshi variant emas. Rosti uning menyusiga bu turdagi osh yaqinda qoʻshildi, balki tajriba kamligidandir, lekin zigʻir osh qoniqarli darajada emas. Guruchi, yogʻi, sabzilari — hammasi joyida, ammo ta’mini nimadir buzib turgandek hissiyot uygʻotdi.

Toʻy oshi esa taxminan 10 daqiqada tayyor boʻldi va dasturxonimizga ikkinchi boʻlib olib kelindi. Yogʻi biroz koʻpligiga, guruchlari esa qattiqroq ekaniga qaramay, yaxshi pishgan goʻshti maqtovga loyiq. Umuman olganda “Beshqozon"ning toʻy oshini oʻrtacha deyish mumkin.

13−14 daqiqada esa choyxona palov ham tayyor boʻldi. Afsuski osh biroz sovugan holda olib kelindi. Undagi yagona jizza ham “oʻzini juda yolgʻiz his qilayotgan edi”. Shu muammoni aytmaganda “Beshqozon” choyxona oshining qolgan jihatlari maromida ekanini ta’kidlash kerak. Ammo sovuq osh koʻngilni juda xira qiladi.

Osh narxlari quyidagicha:

  • zigʻir oshi (1 portsiya / 0,7 portsiya) — 42 000 soʻm / 40 000 soʻm;
  • toʻy oshi — 38 000 soʻm / 36 000 soʻm;
  • choyxona oshi — 38 000 soʻm / 36 000 soʻm.

“Beshqozon” osh markazi bunday mashhurlikka oʻz-oʻzidan erishmagani aniq. Yaxshi joylashuv, chiroyli interyer, suratga tushish uchun moʻljallangan joylar, katta-katta qozonlar va unda pishayotgan oshni kuzatish imkoniyati osh muxlislarini oʻziga tortishi aniq. U yerga tashrif buyurish va turli xildagi oshlardan tatib koʻrish orqali haqiqiy bahoni oʻzingiz chiqarishingiz mumkin.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Shohruh Haydarov
Fotosuratchi
Shohruh Haydarov