"30 daqiqa samoda": "Tashkent City"dagi Planetariy haqida

E’lon qilingan sana· 526
"30 daqiqa samoda": "Tashkent City"dagi Planetariy haqida

Har bir odam yoshligida kosmosga chiqishni, samolarni zabt etishni orzu qiladi. Ba’zilarni esa bu xohish katta boʻlganida ham tark etmaydi. Oʻzi, umuman, kosmos, sayyoralar, yulduz — cheksizlikka oid har bir narsa qiziq. Ularga, bolalik orzusiga maksimal yaqin kelish uchun eng optimal joy — planetariylar. Afisha.uz poytaxtdagi kam sonli planetariylardan biri — “Tashkent City Planetarium” haqida ma’lumot beradi.


Ushbu planetariy “Tashkent City” bogʻiga kirishdagi “Yulduzlar muzeyi” binosida joylashgan. U yerda bundan tashqari xuddi shu nomli muzey va “Parvozli teatr” ham bor.

Planetariy hududi unchalik katta emas, ammo uning yuqorisida ulkan ekran oʻrnatilgan. Tomoshabinlar esa unda namoyish etiladigan seanslarni binbeglarda oʻtirgan yoki yotgan holda tomosha qilishi mumkin. Bir seansga 40 nafargacha muxlis qoʻyiladi.

Seanslar uch xil — oʻzbek, rus va ingliz tillarida namoyish etiladi. Agar guruh boʻlib joy band qilinsa, til tanlash imkoniyati ham mavjud.

Unda har kuni turli seanslar qoʻyiladi. Ular yangilanib turiladi, oxirgi e’lon qilingan jadval esa quyidagicha:

  • Dushanba — “Hayratlanarli sayyor” (25 daq.);
  • Seshanba — “Astronomiya” (23 daq.);
  • Chorshanba — “Yevropaning yulduzlar tomon yoʻli” (32 daq.);
  • Payshanba — “Rozetta” (24 daq.);
  • Juma — “Yerdan borliqqacha” (28 daq.);
  • Shanba — “Quyosh tizimiga sayohat” (28 daq.);
  • Yakshanba — “Kosmosdan tahdidlar” (22 daq.).

Ushbu videolarning barchasi katta oʻlchamli ekranga moslashtirilgan boʻlib, 15 metrli gumbazli ekran va 8 ta lazerli proyektor yordamida tomosha ajoyib astronomiya olamiga shoʻngʻishlari mumkin. Shuningdek, bu shunchaki koʻngilochar joy emas, taqdim etiladigan seanslarda kosmos haqida ma’lumotlarga ham ega boʻlish mumkin.

Narx

Endi asosiy ma’lumotga kelsak: Planetariyga kirish narxi 80 000 soʻm (bir seans uchun).

Shuningdek, majmuada aksiya amal qiladi: muzey (50 000 soʻm) va planetariyga (80 000 soʻm) chipta sotib olsangiz, 130 000 emas, 110 000 soʻm boʻladi.

Muzey (50 000 soʻm) va teatrga (120 000 soʻm) olsangiz, ikkita chipta sizga 150 000 soʻmga tushadi.

Birdaniga uchchalasiga ham chipta sotib olsangiz, aksiya doirasida bu 200 000 soʻm boʻladi (aksiyasiz 250 000 soʻm).

Muhim eslatma: planetariyda chiroqchalar bilan surat va videoga olish mumkin emas.