Kuzgi Botanika bogʻi – suratlarda
Kuz, ayniqsa, 2024-yilning kuzi juda oʻzgacha chiroyli boʻldi. Tashqaridagi manzaralar koʻpchilikni telefonini qoʻlga olib, kamerasini ochishga majbur qildi. Toʻgʻri-da, bunday goʻzallikni nega tarixga muxrlamaslik kerak?
Toshkent kuzi — goʻzal. Poytaxtda yana bir oʻlka borki, u yerda tinchlik hukm suradi, mikroiqlimi boshqa hududlardan ajralib turadi, butun shaharning “oʻpkasi”, kuzi esa alohida bir olam. Sarlavhadan ham tushungan boʻlsangiz kerak, muharririmiz Mirjalol Qosimov kamera koʻtarib, Botanika bogʻi boʻylab sayr qildi va e’tiborga molik kadrlar bilan boʻlishdi. Quyida toʻliq fotoreportajni tomosha qilishingiz mumkin.
Rasmlarni tomosha qilishdan oldin bog' haqida biroz bilib olishga nima deysiz? Akademik F.N. Rusanov nomidagi Toshkent botanika bog‘i 2400 dan ortiq turdagi o‘simliklarning noyob kolleksiyasiga ega O‘zbekistondagi yagona ilmiy obyekt hisoblanadi. Markaziy Osiyo mintaqasida eng qadimgi hisoblanuvchi ushbu tabiiy hududga 1943-yilda asos solingan.
Mazkur bogʻda turli ekspozitsiyalar joylashgan: Markaziy Osiyo, Janubiy va Shimoliy Amerika, Sharqiy Osiyo, Yevropa, Qrim, Kavkaz va hokazo. Alohida oranjereya, tabiiy flora, dendrologiya va boshqa lobaratoriyalar bor. Shuningdek, bu yerda koʻplab noyob daraxt va oʻsimliklarni uchratish mumkin. Bundan tashqari, bog' hududida tadbirlar oʻtkazish uchun moʻljallangan sahna oʻrnatilgan.
Xay, endi narxlar haqida aytsakda, keyin rasmlarni tomosha qilishga oʻtaversangiz. Botanika bogʻiga kirish pulli: 16 yosh va undan kattalar uchun 15 000 soʻm. U yerda yoshga doir turli tariflar amal qiladi. Masalan, nafaqaxoʻrlar uchun bir martalik kirish narxi 5 ming, bir oylik tarif esa 200 000 soʻm. Shuningdek, bog' hududida professional tele-videoga tasvirga olish pulli. Batafsil quyidagi suratda tanishishingiz mumkin.
Eslatib oʻtamiz, narxlar material e’lon qilingan vaqt uchun (28-noyabr, 2024-yil) aktual.