Oʻzbekistonda yagona ijtimoiy karta joriy etiladi
Prezident ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda barcha hujjatlarni o‘rnini bosadigan bitta — ijtimoiy karta joriy etilishini eʼlon qildi.
Ta‘kidlanishicha, hozirgi kunda 65 turdagi ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun fuqarolar tug‘ilganlik, nogironlik to‘g‘risida, pensiya, talabalik guvohnomasi, bank kartasi kabi 10 dan ortiq hujjatni ko‘tarib yurishga majbur. Shavkat Mirziyoyev ushbu ovoragarchilikka chek qo‘yish vaqti kelganini aytdi.
Shu sababdan O‘zbekistonda barcha hujjatlarni o‘rnini bosadigan bitta — ijtimoiy karta joriy etiladi. U bilan avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga kompensatsiya olish mumkin bo‘ladi, nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushadi.
Ma‘lum qilinishicha, bu tizim 1 iyulgacha Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida sinovdan o‘tkaziladi, yil yakunigacha hamma joyda ishga tushiriladi.