"Osh boʻlsin": "Abdujalil osh" markazi haqida
Toshkent shahridagi osh markazlari orasida ko‘plab maqtovlar aytiladigan ovqatlanish maskanlaridan biri “Abdujalil osh” markazi hisoblanadi. Bu joy nomi shu yerda osh tayyorlaydigan katta oshpaz nomiga qo‘yilgan. Instagram yoki X (sobiq Twitter) sahifalarida bu yerga tashrif buyuruvchilarning pozitiv fikrlariga duch kelish mumkin.
Afisha.uz muharriri “Osh bo‘lsin” ruknining 2025-yildagi ilk manzili sifatida Abdujalil osh markazini tanladi. Quyida ushbu kafe haqida so‘z boradi.
Toshkentda harakatlanish uchun asosan metro yoki boshqa jamoat transportidan foydalanuvchilar uchun ushbu osh markazi biroz noqulay joyda Shayxontohur tumani, Sheroziy ko‘chasi, 24-uy da joylashgan. Bu yerga Xalqlar do‘stligi, Chorsu va Tinchlik kabi metro bekatlaridan taksida 10 daqiqada yetib borish mumkin.
Ushbu ovqatlanish maskani biroz kichik boʻlsa ham shinam deyish mumkin. Tashqarida joy yoʻq (yoki qish boʻlgani uchun yigʻib qoʻyilgan). Ichkarida esa katta va kichik zal mavjud. Har bir stolda QR-kodli menyular boʻlib, ular orqali kafedagi barcha mahsulotlar va ularning narxlarini koʻrish mumkin. Bundan tashqari, zal gullar, koʻzalar va qish uchun poliz ekinlaridan tayyorlanadigan bankalar bilan bezatilgan.
Tushlik vaqtida tashrif buyuruvchilar soni keskin ortib ketadi. Shuni hisobga olgan holda ertaroq borishga qaror qildik. Ma’lumot uchun osh markazi soat 10:30 da ochiladi va tungi 23:00 gacha faoliyat olib boradi.
“Abdujalil osh” markazida turli xildagi palovlar tayyorlanadi. Jumladan, kun davomida toʻy oshi va choyxona palov pishirilsa, kechgi vaqtda zaytun yogʻli osh ham qilinadi. Bu ovqatlanish maskanining yana bir “фишка"laridan biri shuki loychira patirli osh ham buyurtma berish mumkin. Unda osh idish shaklidagi patirda tortiladi.
Biz klassik toʻy oshini tatib koʻrishga qaror qildik. Bundan tashqari, oshning doimiy hamrohlari boʻlgan choy, non va salat buyurtma berdik. Personal ham buyurtmalarni tezda olib keldi. Oshning porsiyasi oʻrtachadan biroz yuqori, lekin goʻshti koʻpgina edi. Shu bilan birga maromiga yetkazib pishirilgan. Guruch ham, sabzi ham oʻz oʻrnida boʻlib, e’tirozga oʻrin qoldirmaydi. “Abdujalil osh” markazi palovining ta’mi bilan bemalol maqtana oladi.
Shuningdek, ta’bga koʻra oshga mayiz yoki boshqa qoʻshimcha ingredientlar qoʻshishni soʻrash mumkin. Buyurtmalarimizning umumiy narxi 74 800 soʻmni tashkil qildi.
Abdujalil osh markazidagi umumiy narxlar quyidagicha:
- toʻy oshi (0,7) — 40 000 soʻm (35 000 soʻm);
- toʻy oshi komplekt (0,7) — 57 000 soʻm (52 000 soʻm);
- choyxona palov (0,7) — 40 000 soʻm (35 000 soʻm);
- choyxona palov komplekt (0,7) — 57 000 soʻm (52 000 soʻm);
- zaytun yogʻli osh (0,7) — 40 000 soʻm (35 000 soʻm);
- zaytun yogʻli osh komplekt (0,7) — 57 000 soʻm (52 000 soʻm).
Toʻgʻri, tigʻiz ish kunlaridan keyin uzoq joyga osh yeyish uchun borishni koʻpchilik xohlamasligi mumkin. Ammo “Abdujalil osh” markazi vaqt orttirib doʻstlar bilan borish uchun ayni muddao boʻladi. Har xil oshlarni tatib koʻrishga qiziquvchilar va bu taomning muxlislari uchun esa ajoyib topilma boʻla oladi.
“Abdujalil osh” markazi bilan bogʻlanish uchun uchun telefon raqamlari: (+998) 90−903−0010, (+998) 90−963−0010.