2025-yilda Toshkentga mingta avtobus olib kelinadi

E’lon qilingan sana· 208
2025-yilda Toshkentga mingta avtobus olib kelinadi

Transport vaziri Ilhom Mahkamov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida prezidentning 2025-yilda Toshkentga qo‘shimcha 1000 ta yangi avtobus yetkazib berish bo‘yicha topshirig‘i haqida gapirdi, deya xabar bermoqda Spot.uz.

“1-fevralga qadar Toshkent shahrida jamoat transportini yanada rivojlantirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi, shuningdek, alohida dastur qabul qilinishi rejalashtirilgan,” — dedi Mahkamov.

Shuningdek, poytaxt bekatlarida bir martalik chiptalar sotib olish uchun qo‘shimcha 675 ta infokiosk o‘rnatiladi. Shu oʻrinda Transport vazirligi rahbari poytaxt avtobuslarida yo‘l haqini transport (ATTO) va bank kartalari, shuningdek, banklarning mobil ilovalari yoki to‘lov xizmatlari orqali to‘lash mumkinligini eslatdi.

Vazirlik tomonidan tayyorlangan taqdimotga ko‘ra, infokiosklarning umumiy soni 5100 tani tashkil etib, ulardan atigi 769 tasi avtobus bekatlariga o‘rnatilgan. Ta’kidlanishicha, 1−10-yanvar kunlari avtobuslarda kunlik yo‘lovchilar oqimi 43,5 foizga — 871 ming nafardan 1,19 million kishiga, daromadlar esa 36 foiz — 8,5 milliard so‘mdan 11,5 milliard so‘mgacha oshgan.

Avvalroq 1-yanvardan Toshkentdagi jamoat avtobuslarida safar uchun naqd pulda toʻlov qabul qilish toʻxtatilgani va uning oʻrniga bir martalik QR kodli chiptalar joriy etilgani haqida xabar berilgandi. Afisha.uz ushbu bir martalik chiptalarni qanday sotib olish mumkinligini tushuntiruvchi yoʻriqnoma tayyorlagandi.