"Osh boʻlsin": Toshkentdagi Samarqand ta'mi — "Registan Osh" haqida

E’lon qilingan sana· 697
"Osh boʻlsin": Toshkentdagi Samarqand ta'mi — "Registan Osh" haqida

Lokatsiya, narx va shaxsiy fikrlar.

O‘zbekistondagi har bir hudud o‘zining maxsus taomi, shuningdek, o‘z oshi bilan maqtana oladi. Toshkent shahrini esa ularning barchasini birlashtira olgan gastronomik markaz deya atash mumkin. Poytaxtda turli tuman oshlarni tatib ko‘rish va ularni baholash imkoniyati mavjud.

“Osh bo‘lsin” rukni geografiyasini kengaytirishga qaror qilgan Afisha.uz muharrirlari mashhur Samarqand oshini tatib ko‘rish uchun “Registan” kafesiga yo‘l oldi. Quyida ushbu osh markazi haqida so‘z boradi.

“Registan” osh markazi Parkent bozori yaqinida boʻlib, Mirzo Ulugʻbek tumani, Parkent ko‘chasi, 199-uyda joylashgan. Eng yaqin metro bekati “Buyuk ipak yo‘li” hisoblanadi va undan chiqib taxminan 10 daqiqa piyoda yurish kerak.

Binoning ikkinchi qavatida joylashgan osh markazi oʻrtacha kattalikda, lekin doim tashrif buyurvchilar bilan gavjum boʻlgani uchun darrov joy topish qiyin. Tushlik vaqtida tashrif buyurganimiz uchun taxminan 10 daqiqa vaqtimiz kutish uchun ketdi.

Ma’lumot oʻrnida shuni aytib oʻtish kerakki, osh tayyorlanadigan qozonlarning aniq ochilish vaqti bor. Jumladan, birinchi qozon 11:30 da, ikkinchisi esa 13:00 da, uchinshi qozon 17:00 da ochiladi. “Registan” osh markaziga borishni shu vaqtlarga qarab rejalashtirish tavsiya etiladi. Kafeda yetkazib berish xizmati ham mavjud.

Bu ovqatlanish maskani “Registan” nomi bilan atalgani hamda bu yerda faqatgina Samarqand oshi tayyorlangani uchun hamisha koʻhna va navqiron shahar vaybini koʻproq kutgandik.

Ammo devorga osilgan bir nechta laganlar va suratlarni aytmasa joyning oddiy kafelardan farqi yoʻq.

Menyuda Samarqand oshiga har xil qoʻshimchalar mavjud. Albatta, ularning eng asosiysi pay goʻshti hisoblanadi. Shuningdek, har xil turdagi salatlar ham tavsiya etiladi va xohishga koʻra tanlash mumkin. Bundan tashqari, taom oldiga tabiiy kompotni ham hamroh qilishingiz mumkin.

Bu osh markaziga borishdan oldin ba’zi tanishlarimizdan maslahat soʻradik va turli xildagi, xususan, ham salbiy, ham ijobiy fikrlar eshitdik. Oshning porsiyasi yaxshigina koʻp va toʻyimli. Ammo guruchi tirik, sabzisi esa biroz koʻproq pishgani seziladi. Lekin mana shunday oshni ham yaxshi koʻradigan odamlar bu yerdan ajoyib hissiyotlar bilan qaytishi mumkin.

Ijobiy tomonlardan goʻshtning koʻpligi va osh alohida bedana tuxumi bilan tortilishini aytish mumkin. Biroq Samarqand oshi bilan tanish boʻlmagan odamlarni ilk marta bu yerga olib borishni biroz oʻylab koʻrish kerak.

Endi narxlarga kelsak:

  • Samarqand osh (butun) — 42 000 soʻm;
  • Samarqand osh (0,7) — 38 000 soʻm;
  • pay — 38 000 soʻm.

“Registan” osh markazi bilan bogʻlanish uchun uchun telefon raqamlari: (+998) 98−808−9888.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov