O‘zbekiston 2025-yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi joylar qatoriga kirdi

E’lon qilingan sana· 443
O‘zbekiston 2025-yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi joylar qatoriga kirdi

“BBC Travel” global media portali ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2025-yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi 25 ta yo‘nalish ro‘yxatiga kirdi. Bu haqda Turizm qoʻmitasi xabar berdi.

Unda ta’kidlanishicha, Oʻzbekistonda infratuzilma rivojlanmoqda, jumladan, yangi mehmonxonalar, yuqori tezlikdagi temir yo‘l marshrutlari, ichki aviareyslar va yangilangan madaniy diqqatga sazovor joylar sayohatchilar uchun imkoniyatlar yaratilgan.

Bundan tashqari, 90 dan ortiq mamlakatning, jumladan, Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurishi mumkinligi sayohatni sezilarli darajada osonlashtiradi va sayyohlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, 2024-yil noyabr oyida Qozog‘iston va O‘zbekistonni bog‘lovchi “Ipak yo‘li temir yo‘l sayohati” nomli birinchi xalqaro temir yo‘l yo‘nalishi ishga tushirildi.

Bunday sayohat nafaqat qadimiy savdo va madaniy almashuvlar muhitiga sho‘ng‘ish, balki mintaqada madaniy aloqalarni kengaytirish va turizmni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, deyiladi “BBC Travel” xabarida.