Toshkentliklarning o‘rtacha ish haqi 2024-yilda 9 million soʻmgacha oshdi

Statistika agentligi O‘zbekiston viloyatlari va Toshkent shahrida 2024-yil uchun o‘rtacha nominal oylik ish haqi ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Ma’lumotlarda kichik tadbirkorlik va qishloq xo‘jaligi subyektlari hisobga olinmagan.
Nominal hisoblangan ish haqi — jismoniy shaxslarning yollanma ishchi xodim sifatida muayyan vaqt (soat, oy, yil) davrida ishlab chiqargan mahsulot (bajarilgan ish yoki ko‘rsatilgan xizmat) uchun ish beruvchi tomonidan hisoblab chiqarilgan, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq soliqlarni va boshqa to‘lovlarni o‘z ichiga olgan haq to‘lash tarzidagi hisoblangan daromadlari.
Ma’lum qilinishicha, 2024-yilda mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ish haqi 17,4 foizga oshib, 5 357 200 so‘mni tashkil etgan. O‘tgan yillar ko‘rsatkichlari:
- 2023-yil — 4 561 900 so‘m;
- 2022-yil — 3 882 200 so‘m;
- 2021-yil — 3 214 800 so‘m;
- 2020-yil — 2 673 300 so‘m.
Qayd etilishicha, 2023-yilga nisbatan eng yuqori o‘sish poytaxtda kuzatilgan. Unga koʻra, o‘rtacha ish haqi 21,4 foizga oshib, 9 072 400 so‘mni tashkil etdi. Toshkent viloyatida ish haqi 12,2 foizga oshib, 5 097 900 so‘mni tashkil qilgan.
Agentlik hisobotida qayd etilishicha, mamlakatda eng yuqori oylik maoshlar iqtisodiy faoliyatning “axborot va kommunikatsiyalar” sohasi “kompyuter dasturlari, konsalting va boshqa tegishli xizmatlar” yo‘nalishida boʻlib, 18 million 288,6 ming so‘m hisoblanadi.
Daromadlar bo‘yicha ikkinchi o‘rinda “sug‘urtalash, qayta sug‘urta qilish va majburiy ijtimoiy sug‘urtadan tashqari pensiya jamg‘armalarining faoliyati” yo‘nalishidagi “bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachiligi” faoliyati boʻlgan. Ularning maoshi 17 848 500 ming so‘mgacha boʻlgan.
Uchinchi o‘rinni “axborot xizmatlarini ko‘rsatish” sohasidagi “axborot va aloqa” xodimlari 16 900 800 so‘mgacha maosh bilan egallagan.