Gulbozor: Oʻzbek mahallasi dunyosiga sho‘ng‘ish

Toshkent shahrida 2024-yilning aprel oyida “Gulbozor” mahallasida sayyohlik ko‘chasi oʻz eshiklarini ochdi.
25-yanvar kuni mazkur mahalla madaniyati, an’analari va mehmondo‘stligini uyg‘unlashtiruvchi sayyohlik ko‘chasi konsepsiyasining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Info-tur davomida ishtirokchilar o‘zbek mahallasining madaniy merosi, an’analari va mehmondo‘stligini o‘zida mujassam etgan ko‘chaning noyob imkoniyatlari bilan tanishdilar.
Hozirda “Gulbozor” ko‘chasi sayyohlar uchun oʻzbek milliy madaniyatining boy va rang-barang jihatlarini namoyon etadigan o‘ziga xos jonli muzeyga aylangan.
Mehmonlarga mahalla hududida joylashgan “Mulberry” mehmonxonasi taqdim etildi. Bu joy o‘ziga xos muhitga ega bo‘lib, zamonaviy qulayliklar va an’anaviy o‘zbek me’morchiligi unsurlarini uyg‘unlashtirgan.
Shu kuni “Old City Art Hotel” nomli yangi san’at mehmonxonasining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Bu noyob makon bo‘lib, unda har bir xona san’at asari kabi bezatilgan va interyerning har bir elementi o‘ziga xos madaniy ma’noga ega.
Ishtirokchilar oʻzbek oshxonasining bosh taomi hisoblangan o‘zbek palovini tayyorlash bo‘yicha mahorat darsida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Tajribali oshpaz rahnamoligida mehmonlar ushbu lazzatli va xushbo‘y taomdan bahramand boʻldilar.
Eng qiziqarli lahzalardan biri “Non muzeyi"ga tashrif bo‘ldi. Bu yerda O‘zbekistonning turli burchaklaridagi non yopish an’analarini aks ettiruvchi noyob eksponatlar namoyish etilgandi.
Muzey ko‘pchilik ishtirokchilar uchun haqiqiy kashfiyotga aylandi va ularga nonning o‘zbek madaniyatining ajralmas qismi ekanligini yanada chuqurroq tushunish imkonini berdi.
Mahalla doimo ochiq, chunki u yerda mahalliy aholi istiqomat qiladi. Non muzeyiga ham kirish bepul.
Qish mavsumida milliy uylarga tashrif buyurish, mahorat darslarida qatnashish va “Non muzeyini” ko‘rish uchun oldindan yozilgan holda mazkur raqam orqali +998971378484 gid xizmati taqdim etiladi.
