Hali ham kech emas: 14-fevralda qanday sovgʻalar ulashish mumkin?

Bugun — 14-fevral — bayramlar kuni. Bir tomonda Zahiriddin Muhammad Bobur tugʻilgan kuni, ikkinchi tomonda esa “Sevishganlar kuni”. Maktab, institut, universitetlarda Bobur tavalludini nishonlab boʻlgan boʻlsangiz, endi juftingiz, yaqinlaringizga vaqt ajratishingiz mumkin (balki teskarisidir, agar shunday boʻlsa — toʻgʻri yoʻldasiz). Ammo koʻpchilik sovgʻa olishga ulgurmagan yoki yakuniy qarorga kelmagan boʻlishi mumkin. Afisha.uz tezlik bilan sotib olish mumkin boʻlgan sovgʻalar boʻyicha gʻoyalar tayyorladi. Qarab koʻring, balki yaxshi variant chiqib qolar. Ushbu material orqali siz bir kishini xursand qilsangiz, biz uchun shu haqiqiy bayram.
Gul
Bu bayramda asosan erkaklar sovgʻa berishini hisobga olsak, bu variant birinchi oʻrinda turmasdan iloji yoʻq edi. Gul — hech qachon trenddan qolmaydigan va sababsiz ham berish mumkin boʻlgan sovgʻalardan biri, balki yagonasidir. Gulning yolgʻiz oʻzi ham ajoyib sovgʻa, ammo quyida keltiriladigan sovgʻalarga gul qoʻshib bersangiz ayni muddao boʻladi.
Foto: Shohruh Haydarov
Xoʻsh, gullarni qayerdan olish mumkin? Toshkent koʻchalarida gul doʻkoni topish muammo emas, lekin agar buyurtma qilmoqchi yoki manzillarni bilmoqchi boʻlsangiz, oʻtgan yili gul doʻkonlari haqida yozgan materialimizni oʻqib chiqishingiz mumkin. Yaqinlaringizni xursand qilishdan charchamang!
Aytgancha, bugun va nihoyat yurak yutib sevgi izhor qilish va munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarish uchun ajoyib sana, yangilar, foydalanishingiz mumkin.
Kinoteatrga vaucher
Yoʻq, bu siz oʻylagandek shunchaki kinoga olib borish emas, balki kinoteatrga vaucher sovgʻa qilish. Ayrim kinoteatrlar, masalan, Tashkent City Mall’dagi “Cinematica” mana shunday vaucherlar taklif qiladi. Ushbu vaucher bilan Oʻzbekistondagi yagona IMAX kinozaliga ham tushish mumkin. Yana bir qoʻshimcha gʻoya: sherigingizni oʻsha kinoteatrdagi VIP zalda kino tomosha qilishga taklif qilishingiz ham mumkin.
Vaucher sotib olsangiz, u boʻsh boʻladi, aynan bir kino uchun emas. Siz sovgʻa berayotgan odamning oʻzi qachon va qaysi kinoga (va albatta, kim bilan) borishni oʻzi hal qiladi.
2 kishilik vaucher 260 ming soʻm. Uni “Cinematica” kinoteatri kassasidan (Tashkent City Mall, 4-qavat) xarid qilish mumkin.
Konsertga chipta
Bahor yaqinlashgani sari konsertlar ham koʻpayadi. Xorijiy san’atkorlar ham keladi, masalan, koʻpchilikning sevimlisi boʻlgan Maksim aprelda Humo Arena’da konsert beradi. Yana bitta yaxshi va tezroq amalga oshishi mumkin boʻlgan variant bor: ertaga, 15-fevral kuni stendap komik Mirshakar Fayzulloyev “Chempion” nomli konsert dasturini taqdim etadi.
Poytaxtdagi, umuman, butun respublika boʻylab rejalashtirilgan konsertlar roʻyxati, sanasi va ularga chiptalar narxlari bilan Afisha.uz'ning “Konsertlar” boʻlimida tanishib chiqishingiz mumkin.
Shuningdek, agar siz yaqiningiz bilan teatrga bormoqchi boʻlsangiz, saytimizning “Teatrlar” boʻlimiga oʻtib koʻring, u yerda poytaxtdagi teatrlarning repertuarlari keltirilgan.
Kosmetika
Istalgan yoshdagi ayol-qizlarga yoqadigan sovg‘a — bu kosmetika. Erkaklar bu mavzu bilan yaxshi kelishmasligi aniq, lekin bu sovg‘a uchun ajoyib variant. Shunday ekan, yaqin kunlarda kosmetika do‘konlariga borib, sotuvchilardan maslahat olishingiz mumkin. Yoki yana ham osoni, kosmetika do‘koniga borib, budjetingizga mos vaucher sotib oling.
Ba’zi kosmetika do‘konlari: “BellStore”, “MCosmetics”, “Bloom Beauty Shop” va “Kiko Milano”.
Kitob
Kitob — o‘zgarmas va eng foydali sovg‘alardan biri. Tasavvur qiling, kitob va kichik buket — qanchalik sodda romantika. Siz sovg‘a qilmoqchi bo‘lgan insonni qiziqishlarini va oxirgi o‘qiyotgan kitobini bilsangiz, uni ham hisobga olib yangi kitob (lar) tanlashingiz mumkin.
Yoki hozirda koʻp doʻkonlar sovgʻa sertifikatlari ham taklif qiladi. Istalgan kitob doʻkonga boring va qaytishda gul doʻkonga ham kirib oʻting.
Ot minishga vaucher
Instagram’da ot minib yurgan blogerlarni koʻrgan boʻlsangiz kerak, hozir koʻp otxonalarda soatli ot minish mumkin. Yigitlarda buni sinab koʻrish uchun koʻp imkoniyat boʻlgan boʻlishi va allaqachon ot minib koʻrgan boʻlishi ham mumkin, ammo qizlarda bunday emas, ularning koʻpchiligi ham buni xohlaydi. Ot bilan fotosessiya qilish esa alohida mavzu va alohida daraja.
Foto: Instagram / bakhadirovna_sevara
Hozir koʻp ot klublari havaskorlar uchun soatli ot minishni taklif qilyapti. Ularning ba’zilarida alohida fotosessiya xizmatlari ham bor. Masalan, “horse.usmon”, “bayir_horse_riding”, “horse.arena.uz” va “Argamak sher” ot sporti klublari ekskursiya, otda sayr va ular bilan fotosessiyaga taklif qiladi. Ulardan joy band qilib, juftingiz bilan borishingiz mumkin.
SPA salonga vaucher
Bu dunyo tashvishlarini qarang, hech tugamaydi. Odam ishda, oʻqishda tinmagani ortida ancha charchaydi. SPA salonlar esa bunday paytda juda qoʻl keladi. Charchoqlardan halos boʻlish, relaks, sokinlik — bundan keyin bu vaucherni sovgʻa qilgan insoningiz ancha muddat sizdan minnatdor boʻlib yuradi.
Xoʻsh, biz aytayotgan SPAlarni kimlar taklif qiladi: masalan, “befitspa”, “serenityspa”, “bali223.uz"lardan vaucher sotib olishingiz yoki yaqiningiz nomiga joy band qilishingiz mumkin. Bundan tashqari, “The Bani” rus banyasida seshanba va chorshanba kunlari ayollar kuni boʻladi, shu kunlari yaqiningiz boʻshmikin, bir soʻrab koʻring.
Xoʻsh, siz bugun juftingiz / yaqiningizga nima sovgʻa qildingiz?