Parij koʻchalaridan biriga Samarqand nomi berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Parij shahri meri Ann Idalgo bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
Suhbat avvalida Shavkat Mirziyoyev poytaxt merini yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy qutlagan, shuningdek, Parij ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berilgani uchun minnatdorlik bildirgan.
Shuningdek, ikki poytaxt shahar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik va almashinuvlarni imzolangan bitim asosida faollashtirish masalalari muhokama qilingan. Shaharsozlikni rejalashtirish, “yashil” hududlar barpo etish, jamoat transportini rivojlantirish, raqamlashtirish, shuningdek, shahar kommunikatsiyalarini modernizatsiya qilish va ulardan barqaror foydalanish borasida tajriba almashish shular jumlasidan.
Bundan tashqari, o‘zaro ko‘rgazmalar, madaniyat va san’at kunlari, sayyohlik va gastronomik festivallar o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv yakunida Parij ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berilishiga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tdi. Bu koʻcha manziliga hozircha aniqlik kiritilmagan.