Olmaotada "Lazgi. Qalb va muhabbat raqsi" namoyish etildi

17-mart kuni Olmaotadagi Abay nomidagi Qozoq milliy opera va balet teatri sahnasida O‘zbekistonning qadimiy an’analari va yorqin raqs madaniyati aks ettirilgan lazgi namoyish etildi.
“Lazgi. Qalb va muhabbat raqsi” — mashhur nemis xoreografi va baletmeysteri Raul Raymondo Rebek tomonidan yaratilgan ilhomlantiruvchi spektakl YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosining bir qismi sifatida tan olingan qadimiy xalq lazgi raqsi haqida. Uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan lazgining tarixi xalq an’anasining donoligi va ruhini ifodalaydi. Murakkab harakatlar, o‘ziga xos uslub va kuchli energiyaning mohirona uyg‘unligi bu raqsni madaniy hodisaga aylantiradi.
Spektakl premyerasi 2021-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan. Xalqaro premyerasi “Dubai Opera” sahnasida bo‘lib o‘tdi, shundan so‘ng spektakl Istanbul, Bursa (Turkiya), Dortmund (Germaniya), Parij (Fransiya), Sankt-Peterburg va Moskva (Rossiya) shaharlarida namoyish etildi. 2024-yilda balet Pekinda (Xitoy), Bokuda (Ozarbayjon) va Londonda (Buyuk Britaniya) namoyish etildi. Endi ularning orasiga Qozogʻistonning Olmaota shahri ham qoʻshildi.
“Bunday madaniy tadbirlar go‘zal san’atimizni namoyon etibgina qolmay, qardosh millatlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlashga, o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishga yordam beradi”, — deb yozadi gʻoya muallifi Saida Mirziyoyeva.