Toshkentda birinchi jamoatchilik yashil parki ochiladi

E’lon qilingan sana· 302
Toshkentda birinchi jamoatchilik yashil parki ochiladi

19-mart kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamkorligida poytaxtdagi birinchi jamoatchilik yashil parkida daraxt ko‘chatlari ekish tadbiri bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, birinchi yashil jamoat parki loyihasi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Toshkent shahri aholisi va mehmonlar uchun qulay ekologik muhit va madaniy hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratish hamda shaharning yashillik darajasini oshirish maqsad qilingan. Hudud maydoni 7,5 gektarga teng.

Xiyobonda 1200 tupdan ortiq daraxt va 23 000 tup buta, xususan, 208 tup shumtol, 160 tup zarang, 190 tup bandli eman, 137 tup yirik bargli jo‘ka, 46 tup lola daraxti, 177 tup qrim qarag‘ayi, 52 tup arizon kiparisi, 23 tup sadaqayrag‘och, 38 tup majnuntol, 6 tup Kanada bagrannigi, 6 tup magnoliya, 50 tup yapon saforasi, 6 tup zarafshon archasi, 100 tup uzun bargli (oddiy) archa, 50 tup oq qayin va 20 tup chinor ko‘chatlari ekish maqsad qilingan.

Shuningdek, 9 tup pissarda olxo‘risi, 189 tup Suriya atirguli, 2370 tup lavanda, 2120 tup fotiniya, 260 tup sharq tuyasi, 26 tup hind sireni, 400 tup forzitsiya, 600 tup magoniya, 200 tup shtamb atirguli va 17460 tup har xil turdagi atirgul ko‘chatlari ekiladi.

Daraxt va buta ko‘chatlarini parvarishlash uchun sun’iy suv havzasi hamda quyosh energiyasidan quvvatlanadigan yer osti qudug‘i tashkil etiladi.

Ma’lum qilinishicha, jamoat parkining ochilish marosimi bahor mavsumining keyingi oylariga mo‘ljallanmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling