O‘zbekiston yoshlari Uzcosmos va Uzum’ning “Yosh muhandis” tanlovida o‘z loyihalarini taqdim etadi

E’lon qilingan sana· 149
O‘zbekiston yoshlari Uzcosmos va Uzum’ning “Yosh muhandis” tanlovida o‘z loyihalarini taqdim etadi

Uzcosmos tomonidan Uzum kompaniyasi ko‘magida tashkil etilgan “Yosh muhandis” tanlovi finalida O‘zbekistonning 7 ta viloyatidan kelgan maktab o‘quvchilari va talabalar o‘z ishlanmalarini taqdim etadi.

Muhandislik loyihalari tanlovida jami 133 ta jamoa ishtirok etdi, yoshlar maishiy vazifalar va ijtimoiy muammolarni hal qilishda yordam beradigan o‘z ixtirolarini namoyish etdi. G‘oliblar Guhem kosmik lageriga yo‘llanmalar hamda Uzum kompaniyasidan sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi mutaxassislari tomonidan barcha loyihalar baholanganidan so‘ng, 28 ta loyiha finalga chiqdi — ularning jamoalari 10-may kuni hakamlar hay’atiga taqdim etiladi. Tanlovning eng faol ishtirokchilari Toshkent shahri (45 ta loyiha) va Surxondaryo viloyati (14 ta loyiha) yosh muhandislari bo‘ldi.

Tanlov hakamlar hay’ati tarkibiga Uzcosmos, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oliy va maktab ta’limi vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Uzum milliy raqamli ekotizimi ekspertlari kiritildi. Baholashning asosiy mezonlarida ijtimoiy va ekologik ahamiyati, shuningdek, loyihani amalga oshirish imkoniyatiga qaraladi.

“Bu yil „Yosh muhandis“ respublika tanlovi birinchi marta o‘tkazilmoqda va har yili unda butun mamlakatimizdan ko‘plab iqtidorli yoshlar ishtirok etmoqda. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, loyihalar darajasi ham ortib bormoqda — yoshlar taklif qilayotgan yechimlar va yondashuvlar haqiqatan ham o‘ziga xos bo‘lib, katta loyihalar uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lishi mumkin. Arizalarni tanlab olish jarayonida, jamoalarning havo ifloslanishi, inson salomatligini nazorat qilish va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarga e’tibor qaratayotganini kuzatdik. Va, albatta, biz bu yil ko‘plab o‘zbekistonlik yoshlar orzu qilgan kompaniya — Uzum bizning hamkorimiz bo‘lganidan faxrlanamiz”, — deydi Uzcosmos direktori Shuhrat Qodirov.

“Uzum tashkil etilganidan buyon biz iste’dodli yoshlarni izlab, mamlakat kelajagini quradigan yoshlarni faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqdamiz. Ushbu tanlov orqali mamlakatimizning turli burchaklaridan kelgan yuzlab yigit-qizlar o‘z orzulari sari ilk qadamini tashladi, dadil g‘oyalarini ro‘yobga chiqardi. Ishonchimiz komilki, texnologiyalar odamlarga yordam berishi kerak va bugun biz ko‘plab qiziqarli loyihalar va g‘oyalarni, ehtimol, bir necha yildan so‘ng Uzum jamoasining bir qismiga aylanadigan bo‘lajak hamkasblarni ko‘rdik”, — deydi tashqi aloqalar va ijtimoiy loyihalar rahbari Mariya Skorik

Loyihalar taqdimoti va finalchilarni taqdirlash 10-may kuni IT Park’da bo‘lib o‘tadi. Tafsilotlar ushbu saytda.

Reklama huquqlari asosida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling