Soʻnggi qoʻngʻiroq 24-may kuni boʻlib oʻtadi

E’lon qilingan sana· 171
Soʻnggi qoʻngʻiroq 24-may kuni boʻlib oʻtadi

2025-o‘quv yilining oxirgi kuni 25-may, yakshanba — dam olish kuniga to‘g‘ri kelganligi sababli so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlari 24-may — shanba kuni o‘tkazilishi belgilangan, deb xabar bermoqda Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu tadbir oʻtkazilishi taqiqlangani, cheklovlar oʻrnatilgani haqida turli notoʻgʻri xabarlar tarqalmoqda. So‘nggi qo‘ng‘iroq har bir inson hayotida unutilmas taassurotlarga boy bo‘ladi. Ayniqsa, katta hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan 11-sinf bitiruvchilari uchun bu kunning ahamiyati va qadri o‘zgacha. Bir tomondan, ko‘p yillik qadrdon sinfdoshlar, mehribon ustozlar, jonajon maktab bilan umrbod xayrlashish oson emas. Ikkinchi tomondan, mustaqil hayotga qadam qo‘yish zavqi, yangi marralar chorlovi, talabalik sururi. Bu endi chinakam bayram!”, — deyiladi xabarida.

“Maktablarimizda so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlarini ko‘tarinki kayfiyatda, tantanalar bilan o‘tkazish an’anasi bu yil ham davom etadi”, — deya qoʻshimcha qiladi vazirlik.

Faqat maktablar jamoalari, bitiruvchilar va ota-onalar tadbirlar jarayonida xavfsizlik qoidalariga rioya etishlari soʻraldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling