Starter-pak: dachaga chiqayotganda nimalar olish zarur?

Bahor oylarining oxirida kunlar ancha isiy boshlaydi va bu vaqt togʻli hududlarda joylashgan dam olish maskanlariga otlanish urfga kiradi. Ba’zilar oilasi yoki qarindoshlari bilan dam olishni xush koʻrsa, ba’zilar dachaga hamkasblari yoki doʻstlari bilan chiqadi.
Afisha.uz ushbu jamlanmada har qanday kompaniya bilan ham dachaga chiqqanda olish zarur boʻlgan narsalar roʻyxatini tuzdi.
Dacha qanday topiladi?
Koʻp yillardan beri bunday sayohatlarni uyushtiruvchilar orasida orasida doimiy boriladigan dachalar boʻlishi mumkin. Lekin siz birinchi marta dachaga bormoqchi boʻlsangiz ishni aynan bunday maskanni topishdan boshlash kerak.
Dachalarda narxlar turlicha boʻladi va bu ish yoki dam olish kunlariga qarab oʻzgaradi. Dushanbadan payshanbagacha boʻlgan kunlarda har xil chegirmalar boʻlishi mumkin.
Bronla.uz saytida esa bunday dam olish maskanlarining katta bazasi yaratilgan boʻlib, suratlar va boshqa ma’lumotlar orqali oʻzingizga yoqadigan dachani tanlash imkoniyati mavjud.
Asosiy kerak boʻladigan narsalar
Koʻpchilikning dachadagi hordiqdan asosiy maqsadi basseynda choʻmilish hisoblanadi. Shu sababdan, sochiqlar, choʻmilish kiyimlari, puflanadigan balonlar (suzishni bilmaydiganlar uchun) olish maqsadga muvofiq.
Televizor tomosha qilayotganda, yoki doʻstlar bilan stol oʻyinlarini oʻynash jarayonida sneklar ham muhim oʻrin tutadi. Pista, qurut, har xil chipslar va ichimliklar xordiqni yanada zavqli qiladi.
Togʻli hududlarda qanday ob-havo hukm surishini taxmin qilish qiyin. Shu sababdan issiq kiyimlarni ham olish zararga ishlamaydi. Shuningdek, dachada quyosh ham qizdirishini inobatga olgan holda, bosh kiyimlarni unutmaslik zarur.
Qanday ovqatlar tayyorlanadi?
Koʻpchilik uchun dachada alohida e’tibor bilan tayyorlanadigan taomlar mavjud. Bular asosan oʻzbek milliy taomlari boʻladi. Yaxshi xordiq chiqarish uchun tayyorlanish usuli murakkab boʻlmagan ovqatlar tanlanadi.
Qozon kabob. Ushbu taom uchun asosan goʻsht va kartoshka sotib olish lozim. Shuningdek, taomni tayyorlash uchun qoʻy yogʻi, oʻsimlik yogʻi, ziravorlar va piyoz ham kerak boʻladi.
Kabob. Dacha uchun kabob ham asosiy taomlardan biri hisoblanadi. Katta kompaniya bilan dam olishga chiqqan vaqtda bu eng yaxshi ovqatlardan biri boʻladi. Kabobni asosan tovuq, mol yoki qoʻy goʻshtidan, shuningdek, qiymadan tayyorlash mumkin. Koʻplab dachalarda shashlik tayyorlash uchun qoʻra mavjud boʻlsa-da, koʻmir topilmasligi mumkin. Shu sababdan dacha uchun koʻmir sotib olib lozim.
Dimlama. Ushbu ovqat ogʻir ovqatlardan soʻng tayyorlanadigan va yengil hazm boʻladigan hisoblanadigan taomlardan biridir. Dimlama uchun goʻshtdan tashqari asosan kartoshka, pomidor, karam, sabzi, bulgʻor qalampiri va koʻkatlar kerak boʻladi.
Foto: Zira.uz
Shoʻrva. Yengil hazm boʻladigan taomlar qatorida shoʻrvani ham eslab oʻtish lozim. Qaynatma shoʻrva uchun piyoz, pomidor, sabzi, kartoshka, ziravorlar, koʻkatlar va boshqalar kerak boʻladi.
Foto: Zira.uz
Bundan tashqari, tongda yengil nonushta qilish uchun tuxum va sosiskalar ayni muddao.
Oʻyinlar
Hordiqning asosiy qismini oʻyinlar tashkil qiladi. Odatda dachaning oʻzida PlayStation oʻyin pristavkasi mavjud boʻladi. Bundan tashqari, bir qator stol oʻyinlarini ham birga olib borish va oʻynash mumkin. Quyida shu kabi bir qator stol oʻyinlari roʻyxati keltiriladi.
Jenga. O‘yinchilar navbatma-navbat yogʻoch bloklardan qurilgan minoradan bloklarni olib, ularni yuqoriga qo‘yadi, minora tobora baland va oʻz barqarorligini yoʻqotib boradi. Minora qulashiga sabab boʻlgan oʻyinchi magʻlub hisoblanadi. Odatda bu oʻyin 1−4 nafar ishtirokchi bilan oʻynaladi.
Narxi — 80 100 soʻm. Ushbu havola orqali xarid qilish mumkin.
Qarta oʻyinlari. Katta kompaniyada doʻstlar bilan bir qator qarta oʻyinlarini oʻynash mumkin. O‘yin vaqti asosan 10 daqiqani tashkil qiladi. Shuningdek, Uno oʻyini ham qartaga oʻxshash boʻlib, biroz spetsifik hisoblanadi. Narxi — 20 000 soʻm. Ushbu havola orqali xarid qilish mumkin.
Bunker. Bu stol oʻyini syujetiga koʻra, dunyo global falokat tufayli halokat yoqasida qoladi. Ishtirokchilar qoʻlidagi kartochkalar orqali nega aynan oʻzi bunkerga kirishi kerakligini isbotlashi kerak.
Bunker oʻyinini ushbu havola orqali sotib olish mumkin. Narxi — 178 000 soʻm.
Mafia. Stol oʻyinlarining qiroli hisoblanadigan Mafia oʻyini haqida eshitmagan odam kam boʻlsa kerak. Unda tinch aholi mafialarga qarshi oʻynaydi. Tinch aholining vazifasi ovoz berish orqali mafialarni topish boʻlsa, mafialar oʻzlarini bildirmay, gʻalaba qozonishi kerak.
Oʻyinni ushbu havola orqali sotib olish mumkin. Narxi — 99 000 soʻm.
Boshqa zarur narsalar
Ona tabiat go‘zalligi bilan bir qatorda biroz xavfli ham hisoblanadi. Ertalab oftobda toblanish, tushlikda esa issiq kiyimlarni izlash, tunda esa sharros yomg‘ir ostida qolish mumkin.
Shu sababdan dam olishga yoʻlga chiqayotganda quyidagilarni olish tavsiya etiladi:
- hasharotlarga qarshi vositalar (universal bo‘lishi mumkin);
- quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklar;
- quyoshdan terini himoyalovchi krem;
- fonarcha va batareyalar.
Shuni unutmaslik kerakki, har kim oʻz qanday hordiq chiqarishni oʻzi tanlaydi. Dachaga olib borish kerak boʻlgan zarur narsalar, pishiriladigan taomlardan ham individual boʻlib, yuqoridagi tavsiyalardan farq qilishi mumkin.
Yuqoridagi ma’lumotlarni umumiylashtirgan holda dam olish uchun quyidagi narsalarni olish mumkin:
- sochiqlar;
- choʻmilish kiyimlari;
- puflanadigan balonlar;
- sneklar;
- issiq kiyimlar;
- bosh kiyim;
- ovqatlar uchun masalliqlar (goʻsht, kartoshka, piyoz, sabzi, oʻsimlik yogʻi va hokazo);
- oʻyinlar (jenga, uno, bunker, mafiya);
- hasharotlarga qarshi vositalar (universal bo‘lishi mumkin);
- quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklar;
- quyoshdan terini himoyalovchi krem;
- fonarcha va batareyalar.
Xalq orasida: “Yaxshi dam — mehnatga hamdam” maqoli bor.
