Toshkent Markaziy Osiyoning eng kuchli 3 ta shahriga kirdi

E’lon qilingan sana· 179
Toshkent Markaziy Osiyoning eng kuchli 3 ta shahriga kirdi

Oxford Economics 2025-yilgi Jahon shaharlari indeksini e’lon qildi. Unda dunyoning 1000 ta yirik shahri beshta asosiy mezon bo‘yicha baholangan: iqtisodiyot, inson kapitali, hayot sifati, atrof-muhit va boshqaruv. Har bir mezon o‘z ichiga yalpi ichki mahsulot, ta’lim darajasi, sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyati, ekologik barqarorlik va boshqaruv samaradorligi kabi turli ko‘rsatkichlarni qamrab oladi.

Markaziy Osiyo shaharlari orasida Toshkent uchinchi o‘rinni egalladi. Birinchi o‘rinda Olmaota, ikkinchi o‘rinda Ostona.

Jahon reytingida Toshkent 1000 ta shahar orasida 471-o‘rinni egallab turibdi.

Inson kapitali ustunida 123-o‘rin, unga ta’lim, ishchi kuchi sifati, demografiya kiradi. Bu yaxshi ko‘rsatkich bo‘lib, xaritada yashil rang bilan belgilangan.

  • Iqtisodiyot bo‘yicha 558-o‘rin: YaIM, bandlik o‘sishi va iqtisodiy xilma-xillik.
  • Hayot sifati bo‘yicha 565-o‘rin: uy-joy sharoitlari, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik.
  • Boshqaruv bo‘yicha 840-o‘rin: mahalliy hokimiyat organlari faoliyati samaradorligi va shaffoflik.
  • Atrof-muhit bo‘yicha 872-o‘rin to‘q qizil rang bilan belgilangan: ekologik barqarorlik va chiqindilarni boshqarish.

2025-yilda dunyoning eng yaxshi 10 ta shahri quyidagicha bo‘lishi kutilmoqda:

  • Nyu-York (AQSH) — dunyodagi eng yirik shahar iqtisodiyotiga ega bo‘lgani uchun, ayniqsa moliya, texnologiya va media sohalarida reyting yetakchisi hisoblanadi;
  • London (Buyuk Britaniya) — inson kapitalining yuqori darajasi, yetakchi universitetlari va xilma-xil ishchi kuchining mavjudligi bilan ajralib turadi;
  • Parij (Fransiya) — xizmat ko‘rsatish sohasiga yo‘naltirilgan kuchli iqtisodiyot va boy madaniy merosga ega;
  • San-Xose (AQSH) — Silikon vodiysidagi texnologik innovatsiyalar markazi;
  • Sietl (AQSH) — kuchli iqtisodiyot va yuqori darajadagi inson kapitali bilan ajralib turadi;
  • Melburn (Avstraliya) — yuqori turmush sifati va rivojlangan madaniy hayoti bilan e’tiborni tortadi;
  • Sidney (Avstraliya) — ta’lim darajasi yuqori bo‘lgan moliyaviy markaz;
  • Boston (AQSH) — nufuzli universitetlari va innovatsion kompaniyalari bilan mashhur;
  • Tokio (Yaponiya) — rivojlangan infratuzilmaga ega yirik megapolislardan biri;
  • San-Fransisko (AQSH) — texnologik startaplar va innovatsiyalar markazi sifatida tanilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling