Eco Expo Central Asia 2025 xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasidan fotoreportaj

E’lon qilingan sana· 464
Eco Expo Central Asia 2025 xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasidan fotoreportaj

Toshkentda “Eco Expo Central Asia 2025” nomi ostida Markaziy Osiyoda ilk bor tashkil etilayotgan xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasi boshlandi.

30 dan ortiq davlat vakillarini birlashtirgan ushbu keng koʻlamli tadbir 19−21-iyun kunlari davomida “Central Asian Expo” (CAEx) koʻrgazmalar majmuasida oʻtkazilmoqda. Ko‘rgazma mintaqaviy va global darajadagi ilgʻor tajribalarni namoyish etish, “yashil” transformatsiya jarayonlarini ilgari surish hamda ekologik innovatsiyalar sohasida muloqot va hamkorlik uchun yetakchi platformaga aylanmoqda.

Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov “Bugungi ko‘rgazma shunchaki texnologiyalar namoyishi emas, balki mintaqalar, tarmoqlar va davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro chuqur hamkorlikning boshlang‘ich nuqtasidir. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ekologik texnologiyalarni ilgari surish bo‘yicha mintaqaviy platformaga aylanishga tayyor”, - deya ta’kidladi.

Vazir, shuningdek, global ekologik muammolar shoshilinch choralar ko‘rishni talab qilishini eslatib, “Eco Expo Central Asia” iqlim va ekologik muammolarni hal qilishda yangicha yondashuvlar shakllanadigan maskanga aylanishiga ishonch bildirdi.

Tadbirda “Eco Expo Central Asia 2025” nafaqat ko‘rgazma, balki ekspertlar, kompaniyalar, startaplar, davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari eng zamonaviy va samarali ekologik yechimlarni taqdim etish uchun uchrashadigan ixtisoslashtirilgan yangi avlod platformasi ekanligi ta’kidlandi. Bu yerda iqlim barqarorligi, resurslarni tejash va toza texnologiyalarni joriy etishning asosiy masalalari muhokama qilinmoqda.

Ko‘rgazma sun’iy intellekt va yashil energiya sohasidagi innovatsiyalardan tortib, suvni tejash va ekologik ta’lim bo‘yicha yechimlargacha barqaror kelajak uchun texnologiyalarning butun spektrini qamrab oladi. Ishtirokchi davlatlar qatoriga Fransiya, Koreya Respublikasi, Tojikiston, Rossiya, Turkmaniston, Italiya, Qozog‘iston, Avstriya, Shveysariya, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Qatar, Xitoy, Xorvatiya, Singapur, BAA, Belarus, Belgiya, Hindiston, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Norvegiya, Vengriya, Turkiya, Gruziya, Bangladesh, Misr, Latviya va Falastin kabi davlatlar bor. Bu Markaziy Osiyoning ekologik kun tartibiga xalqaro miqyosda katta qiziqish borligini ko‘rsatadi.

Yevgeniy Sorochin
Fotosuratchi
Yevgeniy Sorochin
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling