Metroda yoshlar tashabbuslariga bag‘ishlangan kreativ poyezd ishga tushirildi

E’lon qilingan sana· 143
Metroda yoshlar tashabbuslariga bag‘ishlangan kreativ poyezd ishga tushirildi

30-iyundan boshlab Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishida noodatiy poyezd qatnay boshladi. U yoshlar tashabbuslari uslubida bezatilgan boʻlib, O‘zbekistondagi birinchi shunday loyiha bo‘ldi. G‘oya Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Toshkent metropoliteni bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

Poyezdning har bir vagoni yorqin bezatilgan bo‘lib, yoshlar uchun muhim bo‘lgan zamonaviy yo‘nalishlar haqida o‘ziga xos tarzda hikoya qiladi. Bular orasida o‘z-o‘zini rivojlantirish, ekologiya, fan, raqamli texnologiyalar va madaniy qadriyatlarga bag‘ishlangan vizual elementlar va qisqa tushuntirishlarni ko‘rish mumkin.

Masalan, vagonlardan biri kitobxonlik madaniyatiga bag‘ishlangan va “O‘qish” deb nomlanadi — u kitob va bilimga bo‘lgan muhabbatni targ‘ib qiladi. Boshqa mavzular qatoriga “Ustoz AI” — sun’iy intellektni ommalashtirish, “Uzchess” — mantiq va shaxmat tafakkurini rivojlantirish, “Qizlar akademiyasi” — ayollar ta’limini qo‘llab-quvvatlash va “Yashil fazo” — atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari kiradi.

Shuningdek, poyezdda “Yonda” brendi ostida tarixiy meros (Ibrat avlodlari), ijod va madaniyat (Bek va Lola), fan va matematika (Al-Xorazmiy), raqamli volontyorlikka bag‘ishlangan bo‘limlar mavjud.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, loyihadan ko‘zlangan maqsad metroda sayohatlarni nafaqat qulay, balki motivatsiyaga boy qilishdir. Har bir yo‘lovchi nafaqat yoshlar tashabbuslari haqida ko‘proq ma’lumot olishi, balki ularning ishtirokchisiga aylanishi ham mumkin.

Poyezd hozirda Chilonzor yo‘nalishida harakatlanmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling