Andijonda Sherali Joʻrayev nomidagi musiqa va san'at Oliy maktabi tashkil etiladi

E’lon qilingan sana· 228
Andijonda Sherali Joʻrayev nomidagi musiqa va san'at Oliy maktabi tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat, san’at va hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni koʻrib chiqdi. Mutasaddilar ushbu sohalarni boshqarishni takomillashtirish, xalqaro tajribani joriy etish va ularni xalqqa yanada yaqinlashtirishni rejalashtirmoqda

Qayd etilishicha, Sherali Jo‘rayev xotirasi ham abadiylashtiriladi. Andijondagi san’at maktabi negizida Sherali Joʻrayev nomidagi musiqa va san’at Oliy maktabi tashkil etiladi, ovoz yozish studiyasi ochiladi, har yili musiqiy tanlov tashkil etiladi.

Oliy maktabda ilmiy-ijodiy laboratoriya tuzilib, Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlarining “oltin fondi” yaratiladi. Zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etilib, iqtidorli yosh ijodkorlar undan imtiyozli foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, hududlarda ham musiqiy hayotni rivojlantirish maqsad qilingan. Masalan, Farg‘onada zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan yangi orkestrlar tashkil etiladi. Ular nafaqat poytaxtda, balki Oʻzbekiston hududlarida ham milliy va jahon san’ati barchaga yetib borishi uchun o‘z chiqishlarini namoyish etadi.

Ta’kidlanishicha, hunarmandchilikka ham katta e’tibor qaratiladi. Toshkentda britaniyalik hamkorlar bilan birgalikda hunarmandlar tayyorlash va amaliy sanʼatni rivojlantirish uchun akademik platforma yaratish rejalashtirilgan. Kelajakda u toʻlaqonli maktabga aylanishi mumkin. Shuningdek, Buxoroda 40 davlatdan kelgan rassomlar ishtirokida birinchi zamonaviy sanʼat biennalesi boʻlib oʻtadi.

Nukus shahridagi “Istiqlol” bog‘i o‘quv markazi — Orol hunarmandlar va dizaynerlar maktabi joylashgan ijodiy klasterga aylantiriladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling