Umumxalq xayriya hashari sanalari e'lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga koʻra, joriy yilning 22−23 avgust kunlari “Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hasharini o‘tkaziladi. Hasharga aholini majburiy jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi xayriya hashari doirasida quyidagilarni amalga oshirishni koʻzda tutgan:
- 24 ming gektardan ortiq maydonlar;
- 10 724 ta qabriston obodonlashtirilishi va ta’mirlanishi;
- 638 ta ziyoratgoh va 143 mingdan ziyod ko‘chalar tartibga keltirilishi;
- 20 mlndan ortiq daraxtlar oqlanib, ularga shakl berilishi.
Shu bilan birga
- 44 ming dan ziyod kam ta’minlangan oilalarning uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlanishi,
- 61 ming dan ortiq ehtiyojmand oilalar, nogiron va yolg‘iz qariyalarning holidan xabar olinib, ularga moddiy yordamlar ko‘rsatilishi ham maqsad qilingan.
Shu bilan birga, avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv obyektlari, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida hamda inson hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda tadbirlar o‘tkazish taqiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi 349-son qaroriga muvofiq, hasharda aholining boshqa turdagi jamoat ishlari, jumladan, qurilish-ta'mirlash yoki qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hashar davomida barcha obodonlashtirish ishlari mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilingan holda bajarilishi kerakligi takidlab oʻtilgan.