O‘zbekiston yoshlari muhandislikda ilk Ginnes rekordini o‘rnatdi

E’lon qilingan sana· 166
O‘zbekiston yoshlari muhandislikda ilk Ginnes rekordini o‘rnatdi

“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida 18-avgust kuni republikaning yosh muhandislari tarixiy natijaga erishdi. 1946 nafar ishtirokchi bir vaqtning o‘zida 1946 ta mini-robotni yig‘ib, Ginnes rekordini yangiladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Avvalgi ko‘rsatkich Hindistonga tegishli bo‘lib, 2023-yilda 1459 nafar yosh muhandis robot yasagan edi. Endilikda ushbu yirik muhandislik missiyasi O‘zbekistonda qayd etildi va bu natija nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo miqyosida muhandislik sohasida ro‘yxatga olingan ilk Ginnes rekordi sifatida tarixga kirdi.

Jarayonda jami 2 ming nafar yosh muhandis qatnashdi. Ulardan 1000 nafari hududlardagi oliy ta’lim muassasalaridan, 930 nafari Toshkent shahridagi oliygohlardan, 50 nafari Prezident ta’lim agentligi tizimidagi maktablardan, 20 nafari esa imkoniyati cheklangan yoshlardan iborat bo‘ldi. Ular 25 daqiqa ichida mini-robotlarni yig‘ib, harakatga keltirdilar.

Natija Butunjahon Ginnes rekordlari tashkiloti vakili Karl Terri Sevil tomonidan rasmiy ravishda tasdiqlandi. Sertifikat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qungratboy Sharipovga topshirildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling