2025-yilning sentyabrida qanday ob-havo boʻladi?

E’lon qilingan sana· 190
2025-yilning sentyabrida qanday ob-havo boʻladi?

O‘zbekistonda kuz faslining ilk oyi odatdagidek iliq va asosan quruq kelishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Sentyabrning birinchi o‘n kunligida mamlakat hududida kam bulutli va yomg‘irsiz ob-havo saqlanadi. Kechalari va erta tongda havo +15…+20 daraja bo‘lsa, kunduz kunlari havo harorati +35 darajagacha, ayrim hududlarda esa +37 darajagacha isishi mumkin.

Oyning ikkinchi yarmida harorat asta-sekin pasayib boradi: kechalari +8…+13, kunduz kunlari esa +20…+25 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Ba’zi kunlarda (1−2 kun) qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.

Sinoptiklarning ta’kidlashicha, sentyabr oyida o‘rtacha oylik harorat me’yor atrofida, ayrim hududlarda esa biroz yuqori bo‘lishi mumkin.


Odatda sentyabr oyi qanday bo‘lgan?

Sentyabr O‘zbekistonda ko‘pincha “baxmal mavsumi” deb ataladi. Ertalablari tetiklantiruvchi salqinlik, kunlari esa iliq va qulay bo‘ladi.

Iqlimiy kuzatuvlarga ko‘ra:

  • oyning birinchi yarmida o‘rtacha kunduzgi harorat +30…+33°, ikkinchi yarmida esa +26…+29° ni tashkil etadi;
  • eng issiq kunlarda havo +35…+37°, janubda esa +39…+40° gacha ko‘tarilgan;
  • Toshkentda eng yuqori sentabr harorati 2013-yil 25-sentabrda qayd etilgan — +40°.

Eng yuqori darajalar:

  • eng sovuq — 1930, 1931, 1992 va 1994-yillarda (+2…+3,5° me’yordan past).
  • eng issiq — 2013, 2016, 2021 va 2022-yillarda (+1,5…+3,5° me’yordan yuqori).

Bu esa global isish tendensiyasi bilan bog‘liq.

Yog‘ingarchilikka kelsak, sentyabr yilning eng quruq oylardan biri sanaladi. Ko‘pincha 1−3 marta yomg‘ir yog‘adi. Ba’zan esa butun mamlakat bo‘yicha biror tomchi yomg‘ir tushmagan hollari ham bo‘lgan — xususan, 2007, 2021 va 2022-yillarda.

Shu bilan birga, ayrim yillarda sentabrda kutilmagan tarzda bir kunda oy bo‘yicha me’yordan bir necha barobar ko‘p yomg‘ir yog‘ib qolgan. Masalan, 2016-yilning sentyabrida Nukusda bir kunda 30 mm yog‘ingarchilik qayd etilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling