Bye Bye Summer: Ziyo Forum yozni kuzatdi

29-avgust kuni Ziyo Forumda abituriyentlar, talabalar va maktab o‘quvchilari yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin birgalikda vaqt o‘tkazish, dam olish imkoniyatini beradigan “Bye Bye Summer” xayrlashuv tadbiri boʻlib oʻtdi. Afisha.uz muharrirlari ham unda ishtirok etdi va quyida tadbir haqida soʻz boradi.

Ziyo Forum Toshkent shahrining Qushbegi hududida joylashgan boʻlib, yoshlarni bir yerga jamlashi va har xil koʻngilochar yoki ilmiy-madaniy tadbirlar oʻtkazadi. Yoz yakuniga bagʻishlangan “Bye Bye Summer” ham shular jumlasidan boʻldi.

Tadbir g‘oyasi shundan iboratki, yoz bilan xayrlashish shunchaki taqvimdagi voqea emas, balki qatnashuvchilarda uzoq vaqt saqlanib qoladigan xotiraga aylanishini ta’minlash hisoblanadi.

“Bye Bye Summer” do‘stona va norasmiy muhitda oʻtdi, bu esa ishtirokchilarga o‘zlarini erkin va yengil his qilish imkonini berdi. 18:00 da boshlangan tadbirda qatnashchilar birgalikda har xil stol oʻyinlarini oʻynadi. Jumladan, uno, mafia, monopoliya kabi oʻyinlar orqali ishtirokchilar bir-biri bilan yaxshiroq tanishish imkoniyatiga ega boʻldi.

“Oʻylashimcha, bunday tadbirlar bizga, ya’ni har xil yoshdagi va har xil yoʻnalishda oʻqiydiganlar uchun netvorking qilishga imkoniyat yaratib beradi. Ular bir-biri bilan tanishishi, qiziqishlari bilan boʻlishishi, kelajakda birgalikda loyihalarda ishlashi mumkin boʻladi. Bu tadbirning yana bitta foydasi norasmiy tarzda bir-biri bilan tanishish va oʻyin oʻynashga ham imkoniyat yaratib bermoqda”, — dedi ishtirokchilardan biri.
Shundan soʻng tashrif buyurgan yoshlar birgalikda jamoalarga boʻlindi va har xil savollardan tuzilgan kviz musobaqasi oʻtkazildi. Unda kino va multfilmlar ixlosmandlari uchun Oskar mukofotidan tortib, “Muzyurak” multfilmigacha boʻlgan mavzularda savollar berildi.

Kecha soʻngida esa yoshlar uchun Jim Kerri bosh rolni ijro etgan “Faqat ha de” (“Yes Man”) kinokartinasi namoyish etildi. Kinokartinani tomosha qilish davomida mehmonlarga pop-kornlar va har xil ichimliklar taklif etildi.
“Kutganimdan ham ortiq boʻldi. Bunchalik zoʻr boʻlishini kutmagandim. Rang-barang pop-kornlar va koʻplab doʻstlar orttirish uchun yaratilgan imkoniyat uchun rahmat”, — deydi tadbir qatnashchilaridan biri.

Yoz yoshlar uchun dam olish, yangi fikrlar va gʻoyalarni oʻylash va pishitish uchun moʻljallangan yengil mavsum hisoblanadi. Uni ajoyib ruhda va yorqin kayfiyatda yakunlash uchun Ziyo Forumda oʻtkazilgan tadbir ayni muddao boʻldi.