Oʻzbekistonda "Muzeylar haftaligi" boʻlib oʻtmoqda

Oʻzbekiston boʻylab 2-sentyabrdan 8-sentyabrgacha an’anaviy tarzda “Muzeylar haftaligi” boʻlib oʻtmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu haftalik doirasida mamlakat hududida faoliyat yuritayotgan davlat muzeylariga barcha yosh toifasidagi fuqarolar uchun bepul kirish imkoniyati taqdim etiladi.
Ma’lumot uchun, muzeylarda quyidagi imkoniyatlar taqdim etiladi:
- har seshanba va juma kunlari 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar hamda ularning ota-onalari (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) Milliy muzey fondi tarkibiga kiruvchi muzeylarga bepul tashrif buyurishi mumkin;
- har yili 2−8 sentabr kunlari o‘tkaziladigan “Muzeylar haftaligi” hamda har oyning birinchi yakshanbasida e’lon qilinadigan “Ochiq eshiklar kuni” doirasida barcha aholi vakillari davlat muzeylariga bepul kirish huquqiga ega;
- yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ularni kuzatuvchi shaxslar, agar ular maxsus reyestrga kiritilgan bo‘lsa, muzeylarga bepul tashrif buyurishi mumkin.
Shuningdek, hozirgi paytda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida ta’mirlash va tiklash ishlari olib borilayotgani sababli tashriflar vaqtincha to‘xtatilgan. Biroq yuqorida qayd etilgan imkoniyatlardan kelib chiqib, muzey oʻz filiali — Toshkent tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurishga taklif qilmoqda.
Oʻzbekiston muzeylarida eksponatlarning umumiy soni nechta?
2025-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, O‘zbekiston muzeylaridagi asosiy fond eksponatlari soni 2,7 millionntaga yetdi, deya xabar bermoqda Milliy statistika qoʻmitasi matbuot xizmati.