Hafta davomida salqin va yomg‘irli ob-havo kutilmoqda

Ish haftasi davomida O‘zbekiston hududi Janubiy Qozog‘iston tomondagi siklon ta’sirida bo‘ladi. Shu sababli O‘zbekistonga salqin va nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda, xabar bermoqda O‘zgidromet.
15-sentabr Navoiy viloyati shimolida, kechga tomon esa Toshkent viloyatida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
16-sentabr kechasi va ertalab ham Toshkent viloyatida yog‘ingarchilik ehtimoli bor. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 16-sentabr kechqurundan 19-sentabr ertalabgacha tanaffuslar bilan yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Qolgan hududlarda esa havo asosan yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda butun hafta davomida yomg‘ir yog‘ib turadi. 16-sentabr kuni ayrim hududlarda yog‘in kuchli bo‘lishi mumkin, baland tog‘larda esa yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli mavjud.
Harorat asta-sekin pasayib, hafta o‘rtalarida kunduzi +20…+25 darajani tashkil etadi. 19-sentabrdan boshlab salqin havo massalari chekina boshlaydi va harorat biroz ko‘tariladi.
Toshkentda asosan yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Faqat 15-sentabr kechqurun hamda 16-sentabr kechasi va ertalab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol shimoli-sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi, ba’zida 10−12 m/s gacha kuchayadi.
Toshkentda havo harorati: 15-sentabr +27…+29 daraja, 16−18 sentabr kunlari +20…+25 darajagacha pasayadi, 19-sentabrda esa +25…+27 darajaga ko‘tariladi.