"Alisa, eng yaqin bozorni ayt": SI yordamchi endi oʻzbek tilida ham ishlay boshladi

O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan ICTWeek haftaligida Yandex Uzbekistan foydalanuvchilar uchun yangilik taqdim etdi — endi “Alisa” virtual yordamchisi o‘zbek tilida ham ishlay boshladi.
Alisa kundalik yumushlar, masalan, musiqa qo‘yishga, ertaklar aytib berishga yoki aqlli uy qurilmalarini boshqarishga yordam beradi.

Qayd etilishicha, suhbat davomida Alisa tilni o‘zi moslab oladi — foydalanuvchi qaysi tilda murojaat qilsa shu tilda javob beradi. O‘zbek tilidagi “Alisa” barcha eski va yangi qurilmalarda, xususan, Stansiya Layt, Mini, Layt/Mini soatli, Midi, Stansiya 2, Strit va Maks’da mavjud.
Alisani oʻzbek tilda gapirtirish uchun professional muharrirlar va filologlar ishtirok etdi. SI-yordamchi katta miqdordagi audio hamda tarjima matnlaridan foydalangan holda oʻqitildi. Sinovlarda esa O‘zbekistonning 13 hududidan 300 kishi qatnashib, yordamchini takomillashtirishga ko‘maklashgan.
“Alisa"ni o‘zbek tiliga sozlash uchun “Дом с Алисой” ilovasi sozlamalarida “Virtual yordamchi” bo‘limidan “Assistent tili"ni tanlab, “O‘zbekcha + Ruscha” tanlovini faollashtirish lozim.