Shota Rustaveli ko‘chasida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda
E’lon qilingan sana: · 85

2025-yil 7-oktabrdan Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida harakatlanishning yangi tartibi joriy etiladi: avtobuslar endi markaziy bo‘lakda harakatlanadi. Dastlab 38, 57 va 58-sonli yo‘nalishlar ajratilgan yo‘lakda harakatlana boshlaydi.
Transport bosh boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, loyihadan ko‘zlangan maqsad jamoat transport harakatlanish tezligini oshirish, tirbandlikni kamaytirish, yo‘lovchilar qulayligi va xavfsizligini taminlashdan iborat.
Shuningdek, boshqarma bir qator qoidalarni ham e’lon qildi.
Yoʻlovchilar uchun:
- avtobuslar chiqish va tushish uchun maxsus platformalar bilan jihozlangan markaziy yo‘lakdan harakatlanadi;
- platformalarga faqat piyodalar o‘tish joylaridan borish mumkin, belgilanmagan joylardan o‘tish esa taqiqlangan;
- platformada sariq chiziqdan narida turish va avtobus to‘liq to‘xtaganidan keyingina unga yaqinlashish mumkin;
- Yo‘lni kesib o‘tayotganda, avtobusni faqat old tomonidan aylanib o‘tish lozim;
- avtobuslarda keksalar, bolali yoʻlovchilar va nogironlarga joy berish tavsiya etiladi.
Haydovchilar uchun:
- markaziy chiziq faqat avtobus harakati uchun moʻljallangan;
- boshqa transport vositalarining harakatlanishi, toʻxtashi yoki ushbu boʻlakni kesib oʻtishi taqiqlanadi;
- ruxsat etilgan hududlarda siz avtobuslarga yoʻl berishingiz kerak — ular ustuvorlikka ega;
- ko‘chada chapga burilish va qayrilib olish taqiqlangan — bunday harakatlarni faqat belgilangan chorrahalarda amalga oshirish mumkin.
Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi haydovchi va piyodalarni ehtiyotkor bo‘lishga hamda yangi qoidalarga rioya qilishga chaqirdi.