Zamonaviy san’at va madaniyat uygʻunligi: Sankt-Peterburgda Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi

E’lon qilingan sana· 373
Zamonaviy san’at va madaniyat uygʻunligi: Sankt-Peterburgda Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi

8−9-oktyabr kunlari Sankt-Peterburg shahrida BRIKS, MDH, SHHT hamda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasiga mansub 30 dan ortiq davlatlardan kelgan 1500 dan ziyod ishtirokchini birlashtirgan Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli anjuman doirasida kreativ sanoat tarmoqlarining jahon iqtisodiyotidagi o‘rni va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi ahamiyatiga bag‘ishlangan 50 dan ortiq sessiya va tadbirlar tashkil etildi.

Konferensiya doirasida ishtirokchilar kreativ iqtisodiyotning global rivojlanish tendensiyalari, innovatsion yondashuvlar hamda madaniy almashinuv imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Tadbirning asosiy maqsadi — mamlakatlar o‘rtasida tajriba almashish, o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish va kreativ sohaning barqaror o‘sishini ta’minlashdan iboratdir.

Konferensiyaning asosiy voqealaridan biri “Rossiyaning kreativ iqtisodiyoti” mavzusidagi yalpi majlis bo‘ldi. Unda Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining o‘rinbosari Aleksandr Novak, Strategik tashabbuslar agentligi bosh direktori Svetlana Chupsheva, shuningdek, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm departamenti rahbari Gayane Umerova so‘zga chiqdi.

O‘z nutqida Gayane Umerova kreativ iqtisodiyotning O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatini alohida ta’kidladi. U ushbu yo‘nalish mamlakat iqtisodiyotining o‘sishiga, keng ko‘lamli madaniy tashabbuslarni amalga oshirishga hamda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini qayd etdi.

“O‘zbekiston hududlari e’tiborimiz markazida, chunki biz faqat Toshkentga, poytaxtga emas, balki butun mamlakat rivojiga ahamiyat beramiz. Hududlarni rivojlantirish biz uchun juda muhim. Bugun so‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, madaniy va ijodiy iqtisodiyot nafaqat poytaxt, balki, albatta, hududlar va ularning taraqqiyoti haqidadir. Shaharlarimizni rivojlantirish biz uchun g‘oyat muhim, chunki ular ulkan madaniy va tarixiy merosga ega. Zamonaviy san’at va madaniyatni aynan shu qadriyatlarga asoslanib yaratish bizning maqsadimizdir.

Buxoro biennalesi biz uchun juda ahamiyatli voqea bo‘ldi. Bu tadbirga to‘rt yil davomida tayyorgarlik ko‘rdik va shu tufayli ko‘plab iste’dodli ijodkorlarni, shuningdek, yaqin vaqtgacha faqat sayyohlar uchun mahsulot yaratgan mamlakatimiz hunarmandlarini kashf etishga muvaffaq bo‘ldik", — deya ta’kidladi Gayane Umerova.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayene Umerova hamda Strategik tashabbuslar agentligi bosh direktori Svetlana Chupsheva o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi hujjat imzolandi.

Ushbu kelishuv O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida kreativ iqtisodiyot sohasidagi sheriklikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, tajriba almashish, qo‘shma tadqiqotlarni o‘tkazish hamda kreativ sanoat tarmoqlarini rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.

Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasida Sankt-Peterburgdagi “Manej” markaziy ko‘rgazmalar zalida “Kreativ salohiyat: qadriyatlar, texnologiyalar, brendlar” nomli koʻrgazma ham tashkil etildi.

Ekspozitsiyada Rossiyaning 40 ta kompaniyasi axborot texnologiyalari ishlanmalari va musiqa uskunalaridan tortib to dizayn va xalq badiiy hunarmandchiligi mahsulotlarigacha bo‘lgan beshta yo‘nalish bo‘yicha yutuqlari namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazma kreativ iqtisodiyotning zamonaviy oʻzgarishlari va uning xalqaro hamkorlik uchun imkoniyatlari bilan tanishish maydoniga aylandi.

O‘zbekiston ekspozitsiyaning maxsus mehmoni bo‘ldi. Mamlakatni ikkita nomdor shirkat: to‘qimachilik va an’anaviy naqshinkor gilamlar bilan mashhur “MURSAK” va milliy shirinliklarning zamonaviy talqinlarini taklif etuvchi “QAND” tamsil etdi. Ularning ishtiroki O‘zbekistonning kreativ sanoat tarmoqlarini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi va ko‘rgazmaning xalqaro miqyosiga urgʻu beradi.

Shu bilan birga “Madaniy kun tartibi ufqlarini kengaytirib: mahalliy tashabbuslardan xalqaro maydonlarga” mavzusida bahs-munozara bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi taklifiga binoan Toshkentdagi “Sublimation” platformasi hammuassisi va bosh prodyuseri Madina Ishmuradova so‘zga chiqib, musiqiy sahnani rivojlantirish va mahalliy madaniy merosni anglashga qaratilgan loyihalarini taqdim etdi.

Bundan tashqari, “Black Quail” (Qora Bedana) va “Ikkichi” brendlari asoschisi Pahlavon Turdiyev ham ishtirok etdi. U o‘z chiqishida O‘zbekistonda moda sanoatini rivojlantirish tajribasi bilan o‘rtoqlashib, an’anaviy hunarmandchilik amaliyotlari va zamonaviy dizayn yondashuvlarini uyg‘unlashtirishning kreativ iqtisodiyotni shakllantirish uchun asos sifatidagi ahamiyatiga urg‘u berdi.

Ushbu muhokamalar uslub meros va innovatsiyalarni birlashtiruvchi madaniy muloqot vositasiga aylanayotgan ijodiy sohalarda modaning o‘rni haqida fikr almashish maydoniga aylandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling