“Vatan” turi yakuni: Konstaning Humo Arenadagi konsertidan fotoreportaj

Reper Konsta bu yil katta ishga qo‘l urdi: butun mamlakat bo‘ylab turga chiqdi va yakuniy manzil sifatida O‘zbekistondagi eng yirik konsert zali — Humo Arenani tanladi. Bu rep yo‘nalishi uchun katta tavakkal desa ham bo‘ladi. Ammo bu loyiha muvaffaqiyatli yakunlandi: “Vatan” turining so‘nggi konsertida minglab odamlar deyarli barcha qo‘shiqqa jo‘r bo‘ldi.
Umuman olganda, reper va uning jamoasi bu konsertga oʻzgacha yondoshdi: konsertlar uchun alohida sahifa ochildi, unda uzoqda yashovchilar birga yetib kelishlari uchun maxsus guruhlar tashkil qilindi, Humo Arenaga kirish, ichkarida oʻzini qanday boʻyicha tavsiyaviy yoʻriqnomalar e’lon qilindi, hatto treklist ham avvaldan chiqarildi. Xuddi xalqaro darajadagi artistlar yondashuvidek.
Konsta konsert davomida 30 dan ortiq trek kuyladi. Orada esa YuzLabel ijodkorlari — “Q.zlar” guruhi, Bofa va Axror Alixonovlar chiqish qildi. Qizlar yangi treki — “Baland” qoʻshigʻini premyera qildi. Ular konsertdan oldingi intervyuda bu qoʻshiq tez orada musiqiy platformalarga chiqishini aytdi.
Undan keyin esa rok yoʻnalishida ijod qiluvchi Axror Alixonov “1, 2, 3” qoʻshigʻi bilan sahnani yondirdi.
Konsert 4 blokka boʻlingandi. Undan eng oxirgi “Qiymat” albomida treklar, duetlar va eski qoʻshiqlar oʻrin olgandi. Konstaning eng muvaffaqiyatli dueti (shunday desak xato boʻlmasa kerak?!) hammualifi Munisa Rizayeva bu safar konsertga keldi. Oʻtgan safar u shaxsiy sabablarga koʻra Argentinada boʻlgandi.
Bundan tashqari, reperning eng oxirgi duetdoshi — Sevara Nazarxon bilan “Asragin meni” qoʻshigʻi birgalikda sahnadan jonli kuylandi.
Konstaning Shokir bilan ham hit qoʻshiqlari bor. U ham konsert davomida ikki marta sahnada koʻrinish berdi va barchani oʻynashga majbur qildi.
Konsertning oxirgi blokida esa Konsta asosan eski qoʻshiqlariga murojaat qildi. Bu uning eski muxlislarini ham esdan chiqarmaganini bildiradi.
Biz esa konsertdan oldin kichik soʻrovnoma uyushtirgandik:
“Vatan” konsertidan tayyorlangan fotoreportajni quyida tomosha qilishingiz mumkin.
