Islom sivilizatsiya markazi Oʻzbekiston merosi haqidagi videolarga Anjelina Jolini taklif qilmoqchi

Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning buyuk allomalari haqida roliklar tayyorlamoqda. Ibn Sino rolini ijro etgan “Oskar” sovrindori Ben Kingsli Loyiha hikoyachisi sifatida taklif qilingan. Bu haqda Oʻzbekiston Islom sivilizatsiya markazi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Toshkentdagi yangi Islom sivilizatsiyasi markazida kengaytirilgan ilmiy kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda markaz faoliyatini rivojlantirish, ekspozitsiyalarni boyitish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishga oid qator masalalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, Euronews va CNN telekanallarida 100 ta buyuk o‘zbek allomasi haqida video namoyish etilishi rejalashtirilgan. Markazning qayd etishicha, ushbu media-loyihalar dunyoga O‘zbekistondagi tarixiy shaxslar, kashfiyotlar, zamonaviy ilm-fan asoschilari haqida ma’lumot olish imkonini beradi.
Markaz ushbu video loyihalarga boshqa xalqaro yulduzlarni, jumladan, Morgan Friman, Denzel Vashington, Mel Gibson, Anjelina Joli va Burak Ozchivitni hikoyachi sifatida jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Ben Kingsli
“Oskar” sovrindori Ben Kingsli O‘zbekistondagi ilmiy-ma'rifiy videoloyihada hikoyachi sifatida qatnashish uchun taklif qilindi. Xabarda qayd etilishicha, “u o‘z ijodiy faoliyatida “Gandi”, “Shindler ro‘yxati”, “Tabib. Ibn Sinoning shogirdi”, “Fors shahzodasi” kabi filmlardagi rollari bilan jahon kinosanʼatida katta obro‘ qozongan. Ayniqsa, “Tabib"dagi Ibn Sino obrazi uning nomi bilan uzviy bog‘lanib qolgan”.
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda 150 dan ortiq qisqa metrajli film va videoroliklar tayyorlanib, markaz ko‘rgazmalarida namoyish etiladi.