Samarqandga kirish yoʻllari vaqtinchalik yopiladi

E’lon qilingan sana· 235
Samarqandga kirish yoʻllari vaqtinchalik yopiladi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilishi munosabati bilan 30 oktyabrdan 14 noyabrga qadar Samarqandga kirish yo‘llari yopilishini ma’lum qildi.

Tranzit transport vositalari uchun muqobil yo‘nalishlar o‘rnatiladi. Haydovchilarga avtomagistrallarda QR kodli varaqalar beriladi, bu orqali ular aylanma yo‘nalishlar batafsil ko‘rsatilgan xaritalarni koʻrishlari mumkin.

Ichki ishlar vazirligi shahar aholisi va mehmonlariga murojaat qilib, harakatlanishda qiyinchiliklar yuzaga kelmasligi uchun ushbu kunlarda Samarqandga sayohatlarni iloji boricha kechiktirishni so‘radi.

1985-yildan beri birinchi marta YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi tashkilot bosh qarorgohi joylashgan Parijdan tashqarida bo‘lib o‘tadi. Bu yil tadbirga “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasi mezbonlik qiladi.

YUNESKO Bosh konferensiyasi har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladi. U tashkilotning asosiy faoliyat yo‘nalishlarini, byudjetini va strategiyasini belgilaydi, shuningdek, Ijroiya kengashi a’zolarini saylaydi hamda har to‘rt yilda bir marta YUNESKO bosh direktorini tayinlaydi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling