Luvr muzeyidagi o‘g‘irlangan buyumlar 88 million yevroga baholandi

Parijdagi Luvr muzeyi o‘g‘irlik oqibatida ko‘rilgan zarar miqdorini 88 million yevroga baholadi, deb xabar bermoqda France 24.
19-oktabr kuni noma’lum shaxslar Napoleonga tegishli qimmatbaho zargarlik buyumlari kollektsiyasidan to‘qqizta eksponatni o‘g‘irlab ketishgan. Ular ta’mirlash ishlari davom etayotgan paytdan foydalanib, Apollon galereyasidagi xonaga kirib olishgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, kolleksiya tarkibidagi eng mashhur eksponat og‘irligi 140 karatdan ortiq bo‘lgan “Regent” nomli brilliant joyida qolgan.

Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunesning aytishicha, Luvrdagi o‘g‘irlik atigi yetti daqiqa davom etgan. Jinoyatchilar muzeyga kirish uchun qurilish narvonidan foydalangan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hozirda uch yoki to‘rt nafar gumonlanuvchi qidirilmoqda.
Luvr — dunyodagi eng yirik muzeylardan biri bo‘lib, Parij markazida joylashgan. Muzey fondida turli davr va mintaqalarga oid 500 mingdan ortiq tarixiy eksponatlar saqlanadi.