Toshkent xalqaro aeroportida yangilangan uchib kelish zali ishga tushdi

Toshkent xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlarining navbatdagi bosqichi yakunlanib, yangilangan uchib kelish zali, shuningdek, ochiq terassa va jo‘nash terminalidagi yangi VIP zal foydalanishga topshirildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Ta’mirlash doirasida qo‘shimcha 2200 kvadrat metr maydon qo‘shildi. Natijada kutib oluvchilar uchun mo‘ljallangan hududning umumiy maydoni deyarli 5000 kvadrat metrga yetdi. Qayd etilishicha, bu yerda tez orada bir nechta oziq-ovqat va ichimlik shoxobchalari, qahvaxonalar, muzqaymoq va gul do‘konlari faoliyatini boshlaydi.

Rekonstruksiya loyihasi doirasida avtomobillar harakati uchun qo‘shimcha yo‘lak qurildi:
- 1-yo‘lak endi faqat sayyohlik avtobuslari hamda rasmiy aeroport taksilari uchun ajratilgan;
- 2-yo‘lak esa kutib oluvchilar avtomobillari va taksi agregatorlariga xizmat qiladi.
Tirbandliklarning oldini olish maqsadida yo‘lakda to‘xtash 10 daqiqa bilan cheklangan. Jarima tizimi integratsiyalashgan bo‘lib, Ichki ishlar vazirligi axborot tizimiga ulangan kuzatuv kameralar yordamida qoidabuzarliklarni qayd etadi. Shunga o‘xshash tizim jo‘nash terminali oldida ham amal qiladi.
Shuningdek, P2 va P3 avtoturargohlari birlashtirilib, to‘xtash joylari soni 347 tagacha ko‘paytirildi. Uzoq kutish uchun kelgan haydovchilarga aynan ushbu avtoturargohdan foydalanish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, rekonstruksiya doirasida barpo etilgan 2200 kvadrat metrlik ochiq terassa ham yo‘lovchilar uchun ochildi. Jo‘nash zalining ikkinchi qavatida joylashgan bu maydondan nafaqat yo‘lovchilar, balki ularni kuzatib yoki kutib oluvchi mehmonlar ham foydalanishlari mumkin.
Terassa soyabonlar, o‘rindiqlar va mikroiqlim tizimi bilan jihozlangan. Bu yerdan shahar manzaralari, terminalning old qismi, boshqaruv minorasi hamda samolyotlarning harakati yaqqol ko‘rinadi. Yaqin kunlarda bu hududda bir nechta kafelar faoliyatini boshlashi kutilmoqda.

Ta’mirlash ishlari doirasida VIP jo‘nash zali ham yangilandi, mavjud 1100 kvadrat metr maydonga yana 300 kvadrat metr qo‘shildi. Bu kengaytirish orqali zalning dizayni yanada ochiqroq ko‘rinishga ega bo‘lib, yo‘lovchilar uchun o‘rindiqlar soni ko‘paytirildi.
Ma’lum qilnishicha, loyiha yakunlangach, uchib kelish va jo‘nash zallari yagona terminal majmuasiga birlashtiriladi. Qurilish tugallangandan so‘ng, terminalning umumiy maydoni 16 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘ladi, uning o‘tkazish quvvati esa soatiga 2400 yo‘lovchiga yetadi.