O‘g‘rilikdan so‘ng Luvr muzeyi qanday qo‘riqlanmoqda?

Dunyoning eng mashhur muzeylardan biri bo‘lgan Luvrda yaqinda ro‘y bergan o‘g‘rilik voqeasi jamoatchilik orasida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Parijda bo‘lib qaytgan Afisha.uz muharriri jinoyat sodir etilgan manzilda bo‘lib, u hozir qanday qo‘riqlanayotgani bilan qiziqdi.

Hodisa 19-oktyabr mahalliy vaqt bilan soat 09:30 atrofida, muzey ochilganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan. To‘rt nafar jinoyatchi Luvrga Sena daryosi tomondan ikkita skuterda kelgan. So‘ngra avtonarvondan foydalanib derazalardan biri tomon ko‘tarilgan, uni sindirib, Apollon galereyasiga — fransuz monarxlarining xazinalari joylashgan qismiga kirgan.
Jinoyatchilar Fransiya imperatorlarining 88 million yevrolik (100 million dollardan ortiq) to‘qqizta buyumini — zargarlik buyumlari to‘plami, serviz, marjon, zirak, ikkita toj va to‘g‘nog‘ichni o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lgan. Hozircha o‘g‘irlangan boyliklarning birortasi bo‘lsa ham topilgani haqida ma’lumot yo‘q.

Muzey tomon yurarkansiz uning atrofida katta o‘zgarish yoki xavfsizlik kuchaytirilganini sezmaysiz. Kirishdagi tekshiruvlar ham, xodimlar ham odatdagidek ishlamoqda.

Faqatgina binoning jinoyat sodir bo‘lgan tomonida odamlar biroz gavjumligini, gid o‘z sayyohlariga voqeani so‘zlab berayotgani va sayyohlar o‘g‘rilar sindirib kirgan derazani suratga olayotganini ko‘rish mumkin.

Bu holat qaysidir ma’noda Luvrning o‘z viqorini — hamisha sokin, lekin diqqat markazida bo‘lish holatini yana bir bor namoyon qildi, deyish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, shov-shuv ortidan Parijda hayot yana odatdagidek davom etmoqda.

Luvrga yo‘lingiz tushganida siz ham bu joyni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, lokatsiya mana bu yerda.