YUNESKO tomonidan Butunjahon turkiy tillar kuni e’lon qilindi

Samarqandda o‘tayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida 15-dekabrni Butunjahon turkiy tillar kuni sifatida nishonlash to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilindi.
Ushbu qaror YUNESKOning til va madaniy xilma-xillikni saqlash, mintaqaviy va global hamkorlikni mustahkamlash, og‘zaki an’analarni rivojlantirish hamda madaniy merosni asrab-avaylash borasidagi ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi.
Mazkur tashabbus Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, 21 ta a’zo davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda turkiy tillar dunyo bo‘ylab 12 million kvadrat kilometrdan ortiq hududda yashovchi 200 milliondan ortiq insonning ona tili hisoblanadi.
15-dekabr sanasining ramziy ma’nosi mavjud boʻlib, 1893-yilning aynan shu kuni daniyalik olim Vilgelm Tomsen qadimiy O‘rxun bitiklari alifbosini o‘qib chiqqanini e’lon qilgan. Bu bitiklar turkiy tillar oilasining eng qadimiy yozma manbalaridan biri bo‘lib, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, turk, turkman va o‘zbek tillarining ildizlarini tasdiqlovchi muhim tarixiy dalildir.
Butunjahon turkiy tillar kuni doirasida turli madaniy tadbirlar, ma’ruzalar, ko‘rgazmalar, adabiy kechalar va badiiy chiqishlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbirlarning asosiy maqsadi turkiy tillar oilasining madaniy va ijtimoiy ahamiyatini yoritish, tildagi xilma-xillikni qadrlash hamda insoniyat taraqqiyotiga turkiy xalqlarning qo‘shgan hissasini targ‘ib etishdir.