Oʻzbekistonda Burger King restoranlari ochilishi mumkin

E’lon qilingan sana· 43
Oʻzbekistonda Burger King restoranlari ochilishi mumkin

Oʻzbekistonda dunyoga mashhur gamburgerlarga ixtisoslashgan “Burger King” fast fud tarmogʻi ochiladi. Bu haqda International Beverages Tashkent kompaniyasining Oʻzbekistondagi vakili Shuhrat Ergashev “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, muzokaralar allaqachon yakunlangan va yaqin 1 oyda Burger King Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini boshlaydi.

“Biz Burger King degan kompaniyani olib keldik. Bu kompaniyaning Oʻzbekistonga bildirgan ishonchi. Chunki chet el kompaniyalari oldin qaraydi: McDonald’s, Burger King yoki boshqa kompaniyalar bormi. Hozir bu dunyodagi juda katta konglomerat, hozir buni biz Oʻzbekistonga olib keldik. Endi yaqin bir-bir yarim oy ichida ishga tushuriladi. Yildan-yilga bu restoranlar mamlakat boʻylab ochiladi”, — deydi Shuhrat Ergashev AQShda turib bergan intervyusida.


Shuhrat Ergashev

Burger King restoranlari ochilishi haqidagi gap 2021-yildan beri aktual. Oʻsha yil iyul oyida Spot Burger King O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.

2025-yil sentabrda esa Spot o‘z manbasiga tayanib, restoranlarning ochilishi taxminan shu yilning noyabr-dekabr oylariga mo‘ljallangani, ammo qurilish ishlari davom etayotgani sababli aniq sana hali belgilanmagani haqida xabar berdi. Shuningdek, manbaga ko‘ra, Toshkentda uchta nuqtani ochish rejalashtirilgan: Tashkent City Mall savdo majmuasida, Seoul Mun hududida va “Beruniy” metro bekati yaqinida.

Tarmoqlarda “Beruniy” metro bekati yaqinidagi nuqta tayyorlab qoʻyilgani koʻrsatilgan suratlar ham chiqqandi, ammo guvohlarga koʻra, hozirda bu nuqtada Burger King nishonalari yoʻq.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling