Havo ifloslanishi kuchaymoqda: nimalar qilish kerak?

E’lon qilingan sana· 218
Havo ifloslanishi kuchaymoqda: nimalar qilish kerak?
Foto: Sun'iy intellekt yordamida yaratildi

Hozirgi kundagi eng dolzarb muammolardan biri havo ifloslanishi bo‘lib qolmoqda. O‘zgidromet xabariga ko‘ra, Toshkent va Andijon shaharlarida havo ifloslanishi kuchaygan. Havo tarkibidagi PM2.5 zarrachalari miqdori poytaxtda ruxsat etilgan me’yordan 2 martadan ko‘proq, Andijonda esa 8 martadan ortiq ekanligi koʻrsatilgan. Ushbu hududlarda havo sifati yomonlashgani sababli aholi ehtiyot choralarini ko‘rish, ochiq havoda bo‘lishni kamaytirish hamda niqob taqib yurish tavsiya etilmoqda.

Afisha.uz bunday holatlarda qilish kerak bo‘lgan ehtiyot choralari va tavsiyalarni berib oʻtadi.


Ochiq havoda bo‘lishdan cheklaning

Agar havoning sifati yomon bo‘lsa, imkon qadar ko‘p vaqtni uy ichida o‘tkazing. Havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha:

  • 150−200 oralig‘i — sog‘lom odamlarga ham ochiq havoda uzoq yurish tavsiya etilmaydi;
  • 200 dan yuqori — barcha uchun xavfli, iloji boricha tashqariga chiqmaslik kerak.

Chiqishga majbur bo‘lsangiz, faqat qisqa vaqtni uchun chiqing va iloji boricha tezroq yopiq, ventilyatsiyasi yaxshi joylarga kirib turing.


N95 niqob taqing

Oddiy niqoblar PM2.5 kabi mayda zarrachalarni to‘sib qolmaydi. Shu sababli N95 yoki FFP2 turidagi niqoblarni taqish tavsiya etiladi. Bu sizni havo orqali kiruvchi chang va zararli zarrachalardan himoya qiladi.


Deraza va eshiklarni yoping

Havo iflos bo‘lgan kunlarda uyni shamollatish o‘rniga deraza va eshiklarni yopiq salqang. Agar konditsioner bo‘lsa, uni “recirculate” rejimida yoqing, bu tashqi havoni emas, ichki havoni aylantirib tozalaydi.


Uy ichidagi havoni toza saqlang

Havo tozalagichlarni yoqin ularning filtrlari toza ekanligiga ishonch hosil qiling. Avvalroq, biz qanday havo tozalagichlarni tanlash kerak ekanligi haqida yozgan edik. Agar tozalagich bo‘lmasa, xonaga nam mato ilib qo‘yish yoki namlatkich (humidifier)dan foydalanish mumkin. Ammo, joʻmrakdan keladigan suvdan quyish tavsiya etilmaydi. Oqava suvning tarkibidagi qattiq moddalar havoga chiqib, nafas yo‘llariga zarar yetkazadi. Faqat distillangan suv ishlating.


Dush qabul qiling

Tashqarida bo‘lganingizdan so‘ng, chang va iflos zarralar tanada to‘planadi. Dush qabul qilish yoki sochlarni yuvish teri va sochlarga yopishgan zarrachalarni tozalaydi.


Tozalashda ehtiyot bo‘ling

Havo iflos bo‘lgan kunlarda sprey, hidsiz vositalardan foydalaning. Aromatizatorlar, shamlar yoki dezodorant spreylari havo sifatini yanada yomonlashtiradi. Uy yig‘ishtirish zarur bo‘lsa, nam mato bilan artish eng xavfsiz usul hisoblanadi.


Gaz plitasi, gril va kaminni ishlatmang

Gaz plitasi, gril yoki ochiq o‘t yoqish havoga qo‘shimcha iflos moddalar chiqaradi. Ovqatni mikroto‘lqinli pechda yoki elektr qozonda tayyorlash tavsiya etiladi.


Ko‘proq suv iching

Tana zararli moddalardan tezroq tozalanishi uchun ko‘proq suv ichish talab qilinadi. Vitamin C va E ga boy mahsulotlar: apelsin, ismaloq, yong‘oq, baliq kabilarni istemol qilish organizmga yordam beradi va nafas yo‘llarini himoya qiladi.


Sport mashqlarini cheklang

Havo sifati yomonlashgan kunlarda sport mashqlarini tashqarida bajarish nafas olish tezligini oshirib, zarrachalarning ko‘proq kirishiga sabab bo‘ladi. Shu sababli yopiq joyda faqatgina yengil mashqlar bajarish yoki umuman dam olish tavsiya etiladi.


Tamaki va elektron sigaret chekmang

Havo iflos bo‘lgan paytda chekkan har bir sigaret yoki veyp tutuni qo‘shimcha toksin manbai hisoblanadi. Bu esa mavjud vaziyatni yanada yomonlashtirib nafas olishni qiyinlashtiradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling