Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida ham E-Gate tizimi ishga tushdi

E’lon qilingan sana· 27
Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida ham E-Gate tizimi ishga tushdi

Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida avtomatlashtirilgan E-Gate pasport nazorati tizimi ishga tushirildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, yangi oʻtish joylari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun moʻljallangan sakkizta elektron yoʻlak bilan jihozlangan. U bilan yoʻlovchilar shunchaki biometrik pasportlarini ma’lumot tekshiruvchi skanerga qoʻyadi va identifikatsiya qilish (Face ID) protsedurasidan oʻtadi. Shaxsi tasdiqlangandan soʻng, turniket avtomatik ravishda ochiladi. Butun jarayon taxminan 15−20 soniya davom etadi.

Ma’lumot uchun, E-Gate tizimi birinchi marta 2023-yilda Toshkent aeroportida xalqaro terminalning joʻnash zalida joriy etilgan edi. Ushbu yangi tizim yordamida poytaxt aeroportidagi avtomatlashtirilgan yoʻlaklarning umumiy soni 20 taga yetdi.

“E-Gate texnologiyasining joriy etilishi pasport nazorati vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi, nazorat punktlarining oʻtkazuvchanligini oshiradi va yoʻlovchilar uchun qoʻshimcha qulaylik yaratadi”, deyiladi xabarda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling