"Inson faxri" milliy mukofoti oʻz egalariga topshirildi

E’lon qilingan sana· 85
"Inson faxri" milliy mukofoti oʻz egalariga topshirildi

Xalqaro Forumlar saroyida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ilk bor “Inson faxri” milliy mukofoti taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Keltirilishicha, “Inson faxri” mukofoti mamlakatda ezgulik, mehr-shafqat, jasorat va fidoyilikni o‘z hayotida namoyon etgan insonlarni e’tirof etishga qaratilgan.

Tanlov davomida mutasaddilar bir yillik izlanish orqali mamlakat bo‘ylab ta’sirli, odamlarga ilhom bag‘ishlovchi, insonparvarlikning yaqqol namoyondalarining yuzlab hikoyalarni to‘plagani qayd etiladi.

Mukofotda 11 ta nominatsiya ta’sis etilgan: “Yil shifokori”, “Mehr yoʻli”, “Betakror rekord”, “Jamiyat bilan bir yoʻlda”, “Oʻlmas jasorat namunasi”, “Shaxsiy yutuq”, “Fidoiylik ramzi”, “Chegarasiz yaxshilik”, “Noyob iste’dod”, “Birlik qudrati” va “Umr ishi”.

“Yil shifokori” — Bobur Toʻrayev

Bolalar kardioxirurgiyasi sohasida mingdan ortiq jarrohlik amaliyotlarini bajarib, 6 yoshli bolaga noyob yurak operatsiyasi o‘tkazgani uchun.

“Mehr yoʻli” — Bibisora Aripova

Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollar uchun “Rahmdillik” boshpanasini tashkil etib, yuzlab ayollarga hayotga qayta ishonch bergani uchun.

“Betakror rekord” — Shaxina Yigitaliyeva

“Jamiyat bilan bir yoʻlda” — Feruza Madaliyeva

“Taraqqiyot” jamoasi bilan uzoq hududlarga toza ichimlik suvi yetkazib, minglab oilalar hayotini yaxshilagani uchun.

“Oʻlmas jasorat namunasi” — Abdumannop Samikovning oʻgʻli Saidakbar Samikov

Choʻkayotgan bolalarni qutqarish uchun suvga sakrab, o‘z hayotini fido qilgani uchun.

“Shaxsiy yutuq” — Mohira Boltayeva

Xalqaro kimyo olimpiadasida kumush medal qo‘lga kiritgani va shogirdlarini yuqori natijalarga yetaklagani uchun.

“Fidoiylik ramzi” — “Imkon” markazi

“Chegarasiz yaxshilik” — Nasim Komilov

Muqim yashash joyiga ega boʻlmagan fuqarolarga uy qurib berib, imkoniyati cheklangan bemorlar uchun bepul shifoxona tashkil etgani uchun.

“Noyob iste’dod” — “TECNAS” IT jamoasi

VR texnologiyalari asosida Sinov virtual laboratoriyasini yaratib, ta’lim jarayoniga innovatsion yechim taklif qilgani uchun.

“Birlik qudrati” — “28 ILGAK” klubi

Muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlar uchun issiq kiyimlar to‘qib, birlashuv va mehr timsoliga aylangani uchun.

“Umr ishi” — Xolbeka Bobokulova

Qashqadaryoning tog‘li qishlog‘ida bemorlarga yillar davomida eshakda qatnab xizmat qilgani uchun.

Sovrindorlar “Inson faxri” milliy mukofoti statuetkasi, diplomi va pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling