Toshkentda favvoralar soni ikki baravar koʻpayadi, sun'iy koʻl va suv havzalari tashkil etiladi

Poytaxtda ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar koʻriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-noyabr kuni “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonini imzoladi.
Farmon bilan poytaxtda ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi. Unga Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov rahbar bo‘ldi.
Imzolangan hujjatga koʻra, poytaxtda mikroiqlim barqarorligini ta’minlash bo‘yicha yirik loyihalar boshlanadi. Uch oy muddatda shaharning to‘rt yo‘nalishi bo‘ylab kamida uchtadan sun’iy ko‘l va suv havzasi barpo etiladi. Shu bilan birga, ikki hafta ichida Toshkentdagi favvoralar sonini kamida ikki baravarga ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi va taqdim etiladi.
Issiqxonalar bo‘yicha nazorat keskin kuchaytiriladi. Bir haftada issiqxonalarni tabiiy gaz bilan ta’minlash bo‘yicha shartnomalar tuziladi. Shuningdek, 200 m²dan ortiq issiqxonalarda chang tarqatish va ekologik talablarni buzish bilan bog‘liq qonunbuzilishlar uchun jarimalar oshiriladi, yoqilg‘i yoqilishi holatlarida esa obyektlarni davlat foydasiga musodara qilishni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlik tartibi joriy etiladi.
Maxsus komissiya armosfera havosi sifatiga salbiy ta’sir qiluvchi moddalar yoqqan issiqxonalar va boshqa obyektlar faoliyatini vaqtincha toʻxtatadi yoki tugatadi.
Shuningdek, katta qurilish maydonlarida monitoring stansiyalari majburiy bo‘ladi. Maydoni 1 000 m²dan ortiq obyektlarda monitoring uskunalarini o‘rnatish va Ekologiya qo‘mitasi tizimiga ulash qurilishni davom ettirishning asosiy sharti etib belgilandi. Shuningdek, yo‘l bo‘ylarida daraxt va butalarni muntazam yuvish, ko‘p kvartirali uylarda sug‘orish uchun rezervuarlar o‘rnatish choralari ko‘riladi.
Endilikda havo tozalagichlar bojdan ozod etiladi. Tadbirkorlik subyektlari va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari (TIF TN kodi 850980) O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etiladi. Bungacha ushbu mahsulot olib kirilganda 20 foizli boj undirilardi.
Prezident farmonining toʻliq matnini bu yerda oʻqishingiz mumkin.