Alyona Aitova Himolaydagi "Island Peak" choʻqqisini zabt etdi

Alena 6189 metr balandlikka ko‘tarilgan birinchi o‘zbekistonlik ayol bo‘ldi.
Toshkentda “Alena Volchitsa” nomi bilan tanilgan, “Wolf Travel” tog‘ sayohatlari tashkilotchisi, o‘zbekistonlik alpinist Alyona Aitova Nepal va Hindiston chegarasidagi Himolay tog‘ tizmasida joylashgan mashhur “Island Peak” cho‘qqisiga muvaffaqiyatli ravishda ko‘tarildi. U 6189 metr balandlikka chiqib, tarixiy yutuqqa erishdi va mazkur cho‘qqini zabt etgan birinchi o‘zbekistonlik ayol bo‘ldi.

Island Peak Everestga boradigan yo‘lda muhim bosqich bo‘lib, balandlikka moslashishni, yuqori jismoniy tayyorgarlikni va texnik ko‘nikmalarni talab qiladigan eng murakkab cho‘qqilardan biridir. Cho‘qqiga ko‘tarilishning yakuniy qismi muzliklar, tik qorli-muzli qiyaliklar va 50−65 daraja nishablikdagi hududlar bo‘ylab o‘tadi.

Yuqoriga ko‘tarilish mahkamlangan arqonlar bo‘ylab jumar vositasida, pastga tushish esa alpinistlar orasida keng tarqalgan “sakkizlik” nomli himoya moslamasi yordamida amalga oshiriladi. Aynan shu sababli Island Peak oddiy trekking yo‘nalishi emas, balki alpinistlar uchun jiddiy texnik sinov sifatida qaraladi.